O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida II-Hududlararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi

2021-11-18 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi arafasida Moskva shahrida bevosita va onlayn shaklda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi II-Hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi.

Tadbirda 800 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, ikki mamlakat hukumatlari a'zolari, viloyatlar, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, biznes uyushmalari rahbarlari, yirik kompaniyalar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
 
Forumning maqsadi O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalari hamda amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash uchun yagona makon yaratishdan iboratdir.
 
Tadbir dasturi o‘z ichiga olgan yalpi majlisda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevlar ishtirokchilarga videomurojaatlar yo‘lladilar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoov va Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikovlar so‘zga chiqib, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma hududlararo loyihalar va tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha joriy yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berdilar.
 
Shu yilda 50 dan ortiq o‘zaro tashriflar amalga oshirilgani qayd etildi. Jumladan, so‘nggi oylarda O‘zbekiston Respublikasi barcha 14 ta hududlarining rahbarlari Rossiya Federatsiyasining 42 ta sub'ektiga tashrif buyurdilar. Hamkorlikning bunday shakli o‘zini keng ko‘lamdagi yo‘nalishlarda sheriklik salohiyatini o‘rganish hamda aniq hududlararo loyihalar va hamkorlik dasturlarini ishlab chiqishning samarali usuli ekanligini isbotladi.
 
Tadbir doirasida alohida mavzularda sessiyalar tashkil etilib, ularda ikki mamlakat hududlari o‘rtasida iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlanish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport aloqalarini kengaytirish hamda turizmni rivojlantirishga oid muhim mavzular ko‘tarildi.
 
Ikki mamlakat hududlarining rahbarlari yaqin va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha navbatdagi rejalarini batafsil ochib berdilar. Shuningdek, ular istiqbolli sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni joriy etishga oid konstruktiv tashabbuslar va aniq takliflarni ilgari surdilar. Ikki mamlakat bozorlarini xaridorgir raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, tovarlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga olib chiqish maqsadida qo‘shma yuqori texnologiyali ishlab chiqarish ob'ektlarni yaratish borasida birgalikdagi sa'y-harakatlarni faollashtirish, keng ko‘lamli tarmoq va yo‘nalishlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
 
Shuningdek, tadbir davomida Rossiya va O‘zbekiston hududiy ma'muriyatlari rahbarlari o‘rtasida bir qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi hamda aniq loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
 
Forum doirasida o‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakunida umumiy qiymati 9 mlrd dollarga teng 600 ta ikki tomonlama bitim, jumladan, 7,4 mlrd dollarlik 141 ta investitsiyaviy loyiha va 1,6 mlrd dollarlik 455 ta eksport shartnomasi imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma Loyiha ofisi investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishini to‘liq kuzatib boradi va qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ikki mamlakat hududlari ma'muriyatlari istiqbolli tarmoqlarda 75 ta yangi investitsiya loyihasi ustida ish boshlashi ma'lum qilindi.
 
Tadbir davomida metallurgiya, energetika, kimyo, elektrotexnika, charm-poyabzal, to‘qimachilik va farmasevtika sanoati, suv xo‘jaligi, neft'-gaz tarmog‘i hamda bank-moliya sohasi kabi hamkorlik yo‘nalishlarida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться