O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlik II forumi ishtirokchilariga murojaati

2021-11-18 | Siyosat

Hurmatli O‘zbekiston va Rossiya hududlarining rahbarlari! Hurmatli delegatsiyalar a’zolari! Xonimlar va janoblar!

Ikkinchi O‘zbekiston-Rossiya hududlararo hamkorlik forumi ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman.

Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi muhtaram Vladimir Vladimirovich bilan ikkimiz roppa rosa uch yil avval boshlab bergan faol muloqot bugun strategik sheriklikni mustahkamlashning lokomotivlaridan biriga aylandi.

Hech shubhasiz, Forumning muvaffaqiyatli faoliyati keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda erishgan ulkan natijalarimiz va yuksak marralarning yana bir tasdig‘idir.

O‘zbekiston hududlari Rossiya Federatsiyasining Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston Respublikasi, Oltoy o‘lkasi, Astraxan, Novosibirsk, Omsk, Samara, Chelyabinsk viloyatlari va ko‘plab boshqa sub’ektlari bilan jadal hamkorlik qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.

Birgalikda olib borilayotgan faol ishlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlashning hatto pandemiya sharoitida ham o‘sishiga erishdik, uning hajmi esa joriy yilda olti milliard dollardan oshadi.

Keyingi bir yilda Sankt-Peterburg, Samara va Qozonda O‘zbekiston hududlarining ko‘rgazmalari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Bugun mamlakatlarimizda uch mingga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, iqtisodiyotning barcha sohalarida yuzlab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda Rossiyadan jalb qilingan investitsiyalar hajmi bugungi kunda 10 milliard dollardan ziyodni tashkil etmoqda va bu ko‘rsatkich jadal o‘sib bormoqda.

Muvaffaqiyatli hamkorligimizga ayrim missolarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Tataristonlik sheriklar bilan Toshkent viloyatida “Ximgrad” yuqori texnologik sanoat parki tashkil etilmoqda.

Yaqin orada Jizzax viloyatida moskvalik investorlar bilan hamkorlikda ko‘p funksiyali agrologistika markazi ishga tushiriladi.

Samara viloyati kompaniyalari Buxoroda yirik issiqxona majmuasining qurilishiga kirishdi.

Ingushetiyalik tadbirkorlar bilan birgalikda Farg‘on vodiysida to‘qimachilik klasterini kengaytirish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bunday misollarni, shu jumladan O‘zbekiston biznesi ishtirokida Rossiya hududida amalga oshirilayotgan loyihalar ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin.

Aziz do‘stlar!

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud.

Ikki mamlakat manfaatlari uchun yangi istiqbollar ochadigan yo‘nalishlarni alohida qayd etishni istardim.

Birinchi. Qo‘shma biznes loyihalarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlaymiz, shuningdek, rossiyalik investorlar uchun zarur sharoitlar yaratishni davom ettiramiz.

Bu haqda so‘z borganda, eng avvalo metallurgiya, energetika, neft-kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi sanoat kooperatsiyasini qayd etish lozim.

Ikkinchi. Hududlarimiz bir birini samarali to‘ldirib turishi mumkin bo‘lgan soha – qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik ulkan imkoniyatlarga ega.

O‘zbekiston va Rossiyada yirik agrosanoat kompaniyalari va klasterlari, omborxona terminallari va qayta ishlash quvvatlarini yaratish shular jumlasidan.

Bundan tashqari, biz yangi agrotexnologiyalarni keng joriy etish, seleksiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Uchinchi. Innovatsiyalar, IT, bilim va sanoat texnologiyalari bilan almashish sohalari ayniqsa istiqbollidir.

Xususan, “Innoprom” xalqaro ko‘rgazmasi endilikda har yili yangi mintaqaviy formatda O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Rossiyaning yetakchi, shu jumladan hududiy oliy ta’lim dargohlarining mamlakatimizdagi faoliyati yanada kengayishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Bu boradagi muvaffaqiyatli ishlarga Qozon federal universiteti va Astraxan davlat texnika universiteti bilan sherikligimizni misol qilib keltirish mumkin.

Bu, shuningdek, ilmiy hamkorlik va birgalikdagi amaliy tadqiqotlarni kengaytirish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini beradi.

To‘rtinchi. Hududlar o‘rtasidagi faol aloqalar madaniy-gumanitar almashinuv va turizmning kengayishiga xizmat qiladi.

Hududlarda mamlakatlarimiz vakillari ishtirokida yoshlar festivallari, konsertlar muntazam o‘tkazilishini, teatrlarning ijodiy safarlari va sport tadbirlari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

bugungi uchrashuv va uning natijasida yangi qo‘shma dastur va loyihalarning amalga oshirilishi hududlarimiz va umuman mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonaman.

Forumning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat, katta muvaffaqiyatlar va yangi yutuqlar tilayman.

Katta mamnuniyat bilan sizlarni kelgusi yilda uchinchi Hududlararo forumni o‘tkazish uchun O‘zbekistonga taklif etaman.

Manba: O'zA

Поделиться