Toshkent shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dosenti Mansur Yunusov yig‘ilganlarga bayrog‘imizning davlat ramzi sifatidagi o‘rni, g‘urur va faxr timsoli ekanligi to‘g‘risida batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.
“Vatanimiz bayrog‘i biz uchun muqaddasdir” deb nomlangan tadbirda ta'kidlanishicha, davlatimiz bayrog‘i 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni bilan tasdiqlangan.
Bugun davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida bayrog‘imiz xalqimizning haqiqiy iftixoriga aylandi. Davlat tashriflaridan tortib, sportchilarimiz va olimpiadachilarimiz erishgan yutuqlarda madhiyamiz yangrab, davlatimiz bayrog‘i hilpirab turadi. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizni dunyoga tanitadi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. Davlatimiz bayrog‘i ham xalqimizga g‘urur, faxr va iftixor bag‘ishlaydi, qalbimizda istiqbolga ishonch tuyg‘usini o‘yg‘otadi. Biz u bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Manba: Toshkent shahar hokimligi