O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Binary” universitetining Urganch filialida xalqaro standartlar asosida ta’lim beriladi

2021-11-18 | Ta’lim

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Malayziyaning “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muhokamalar davomida universitetning Xorazm filialini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va Ta’lim inspeksiyasining o‘rganish natijalari, mazkur nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga litsenziyani rasmiylashtirish hamda mamlakatimizda universitet tomonidan berilgan diplomlarni tan olish bilan bog‘liq qator masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv avvalida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i mamlakatimizda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari sonini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu yo‘nalishdagi davlat talablari haqida ma’lumot berdi.

– So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni muntazam oshib bormoqda. Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida har bir hududda nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Xorazm viloyatida ham xorijiy investorlar tomonidan mana shunday ta’lim maskani ochilayotgani biz uchun quvonarli voqea, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev.
 
– Mamlakatimizda aholi soniga nisbatan yoshlarning ulushi oshib borayotganini hisobga olib, ta’kidlashim lozimki, Xorazm viloyatida mana shunday nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari filiallari sonining oshib borishidan biz ham manfaatdormiz. Umid qilamizki, “Binary” universiteti ham yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari qatorida mehnat bozoriga salohiyatli va raqobatbordosh kadrlarni yetkazib berishga xizmat qiladi. O‘z navbatida “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti asoschisi va rektori Jozef Adaykalam Ta’lim inspeksiyasi mutasaddilariga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, universitet tarixi va bugungi kundagi faoliyati va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Men oldin ham mamlakatingizda bir necha marotaba bo‘lganman. O‘tkazilgan saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida qatnashib ko‘rdimki, O‘zbekiston kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Shundan kelib chiqqan holda, biz uchun mamlakatingiz oliy ta’lim tizimiga investitsiya kiritish qiziqarli bo‘ldi. “Binary” universitetining o‘quv dasturlari Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya kabi mamlakatlar standartlari asosida shakllantirilganligini ta’kidlashim lozim, – dedi “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti rektori. – Bundan tashqari, bakalavr va magistratura bosqichi bitiruvchilariga diplom bilan birgalikda AQSHning Milliy standartlashtirish instutiti tomonidan akkreditatsiyalangan ISP sertifikati ham taqdim etiladi. Bu esa ularga mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun katta ustunlik beradi.

Shuningdek, bizda bitiruvchilar kasb bilan birgalikda, tadbirkorlikka ham tayyorlab boriladi. Aynan mana shunday yondashuvlar asosida bugungi kunda bitiruvchilarimizning bandlik ko‘rsatkichlari o‘rtacha 96 foizni tashkil etmoqda.

Muzokaralar yakunida universitetda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini davom ettirishga va belgilangan ta’lim faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yakuniy hujjatlar taqdim etilgach, mazkur oliygohga o‘rnatilgan tartibda litsenziya rasmiylashtirilishiga kelishib olindi.

Ma’lumot uchun, Malayziyaning “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti, 1984-yilda tashkil qilingan bo‘lib, universitetda 60 dan ortiq mamlakat talabalari tahsil oladi. 5 ta tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Ta’lim muassasasining bakalavr bosiqichida 5 ta, magistratura bosqichida 11 ta va doktorantura bosqichida 3 ta yo‘nalish mavjud.

Universitetning Urganch shahridagi filiali 2020-yil 17-sentyabrda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur ta’lim muassasasida 124 nafar talaba tahsil olmoqda.

Manba: O'zA

Поделиться