O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yashil vodorod va o‘zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiyaga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi
2021-11-16 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan AQSH xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) «Kelajak energiyasi» hududiy dasturi bilan hamkorlikda 2021-yil 16-noyabrda «Yashil vodorod, o‘zgaruvchan qayta tiklanuvchi energiyaning (O‘QTE) integratsiyasi, O‘QTEdan ishlab chiqariladigan energiyaning prognozi» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Energetika vazirligi va uning tarkibidagi mutasaddi korxonalar, Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston ko‘p miqdordagi quyosh va shamol energiyasi salohiyatiga ega. Hozirgi kunda, mamlakatda umumiy quvvati 1 500 MVt bo‘lgan quyosh va shamol elektrostansiyalarini qurish ishlari boshlangan. 2030-yilda bunday stansiyalarning energetika tizimidagi ulushi 25 foizdan ortishi kutilmoqda. O‘zgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlarining bunday katta ulushi respublika energetika tizimining quvvat balansini tartibga solishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Energiya balansini ishonchli tartibga solish va isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan stabil taʼminlash uchun yetarli miqdorda va sifatli zaxira quvvatlari – “akkumulyatorlar” talab qilinadi.
Bunday zaxiralar manbalari sifatida elektrokimyoviy batareyalar, gidroakkumulyator stansiyalari, suyultirilgan (siqilgan) havo yoki boshqa gaz, superkondensatorlar, mexanik va gravitatsion akkumulyatorlar, “yashil” vodorod gazi va boshqalar ishlatilishi mumkin. Zaxira energiya manbalari ichida oxirgi yillarda ishlab chiqarish tannarxi sezilarli arzonlashayotgan “yashil” vodorod kelajakda salmoqli ulushga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Tashkil etilgan tadbirda sohadagi dolzarb hisoblangan quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi:
- O‘QTEning energetika tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar;
- erishilgan muhim oraliq natijalar va tavsiyalar;
- “Yashil” vodorod: rivojlanish konsepsiyasi va kelajakdagi istiqboli;
- O‘QTE ishlab chiqarishi miqdorini prognoziga bo‘lgan talab.
Tadbirning ikkinchi qismida qatnashuvchilarning faol ishtirokida kelajakda qilinishi kerak bo‘ladigan ishlar bosqichlari va yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi