O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Fuqarolik jamiyatini faollashtirish — mintaqani inklyuziv rivojlantirishning muhim omili

2021-11-15 | Siyosat

Poytaxtimizda “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan Toshkent xalqaro munozara klubining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada mahalliy va xorijiy ekspertlar, yetakchi tahlil markazlari mutaxassislari Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyatini mintaqani inklyuziv rivojlantirish omili sifatida faollashtirish masalasini muhokama qildi.

Barchaga ma’lum, Markaziy Osiyo noyob geostrategik joylashuvga ega. Ming yillar davomida mintaqa Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab kelgan. Bu yerda ulkan energiya va mineral resurslar to‘plangan, boy madaniy-tarixiy merosga, eng muhimi, katta inson salohiyatiga ega. Shu bilan birga, mintaqada yetakchi global kuchlarning raqobatdosh manfaatlari kesishadi.

– So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonchni mustahkamlashning ijobiy tendensiyasi hosil bo‘lmoqda, – deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Ulug‘bek Hasanov. – Umuman, vaziyat 2016-yilgacha bo‘lgan davr bilan solishtirganda ancha yaxshilangan. Bu – barchamizning katta yutug‘imiz, bu – barcha mamlakatlarning qo‘shgan hissasi. Ekspertlar hamjamiyati Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonning yangi mintaqaviy yo‘nalishi e’lon qilingani transformatsiyalar uchun namuna bo‘lganini, shu jumladan bu mintaqa davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi munosabatlar jadallashishiga, tovar ayirboshlash hajmi, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soni oshishiga xizmat qilganini e’tirof etishdi. Shu bilan birga, ekspertlar muammolarning faqat birinchi sirt qatlamini hal qilishga erishilganini qayd etishdi. Bir necha dolzarb masalalar hali ham o‘z yechimini kutmoqda. Oldinda ko‘plab vazifalar turibdi. Umumiy vazifa esa mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlashning yuzaga kelayotgan tendensiyalarini ortga qaytmaydigan qilishdir. Ishtirokchilarning fikricha, hozirda ushbu jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlarini yanada kengroq jalb etish maqsadga muvofiq. Chunki ular mintaqalararo hamkorlikning erishilgan natijalarini mustahkamlash, sa’y-harakatlarni birlashtirish va muhim ijtimoiy muammolarni birgalikda hal etishga beqiyos hissa qo‘shmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘n minglab jamoat (nodavlat) tashkilotlari faoliyat olib boradi, ular o‘z tarmoqlarida yuz minglab faollarni, ko‘ngillilarni, jamoatchilik fikri yetakchilarini birlashtiradi.

– bugungi kunda Qozog‘istonda ko‘plab nodavlat notijorat tashkilotlarini bir platformada birlashtirganmiz, – deydi Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Usen Suleymen. – Tahlil qiladigan bo‘lsak, Qozog‘istonda 8 yil ichida NNT tomonidan berilgan 255 ta tavsiyaning 31 tasi qabul qilingan. Tavsiyalarning 24 tasi rad etilgan. Qolgani hukumat tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.  Shuni aytish joiz, fuqarolik jamiyati institutlari, birinchi navbatda, fuqarolarning turli toifalari manfaatlarini namoyon qiladi, turli darajadagi muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarining inklyuzivligiga yordam beradi. Ikkinchidan, ular jamoatchilik nazorati sub’ekti sifatida davlat sektorida shaffoflikni oshirish hamda hududiy dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun nazorat va muvozanat tizimini ta’minlaydi. Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari hududlarning o‘ziga xosligi va aholi salohiyatini hisobga olgan holda nafaqat muayyan davlat, balki Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham dolzarb bo‘lgan muammolarni hal etish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va amaliyotlarni taklif etishi mumkin.

Masalan, ijtimoiy sheriklik tamoyillariga asoslangan qo‘shma va mintaqaviy dasturlar doirasidagi mablag‘larni NNTlar salohiyatidan foydalangan holda chegaradosh tumanlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni yechishga yo‘naltirish mumkin. Bunda joylardagi muammolar bilan yaxshi tanish va aholini jalb etgan holda innovatsion yechimlarni taklif eta oladigan NNTlarni jalb qilish maqsadga muvofiq.

Keyingi yillarda O‘zbekiston xalqaro maydonda ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi, bu tashabbuslarning fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi jahon hamjamiyati, jahon tashkilotlari uchun kuchli “signal”ga aylanishi mumkin. Tashabbuslarning xalq, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan bevosita qo‘llab-quvvatlanishini uni nafaqat davlat, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ilgari surishning muhim mexanizmlaridan biri sifatida ko‘rish kerak. Markaziy Osiyo mamlakatlarining nodavlat sektorlari sa’y-harakatlarini birlashtirish sa’y-harakatlar va resurslar samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.

Muhokamalar chog‘ida mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro manfaatli tashqi siyosatini va mintaqa davlatlari rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.  

Kasbiy va mahalliy hamjamiyatlarni shakllantirish, NNTlar tomonidan maqsadli guruhlar va butun jamiyatga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, doimiy faoliyat yurituvchi mintaqaviy muhokama maydonchalarini yaratish, fuqarolik strategiyasini birgalikda ishlab chiqish dolzarb vazifalar qatoridan o‘rin oldi. Shunday qilib, ekspertlik platformalarini yaratish Markaziy Osiyo mamlakatlarida to‘plangan tajriba almashish va amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha ekspertiza taqdim etishni tez va samarali yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Sessiya yakunida Markaziy Osiyoda fuqarolik jamiyati institutlari tarmog‘ini shakllantirish, islohotlar jarayonlariga ilg‘or ilmiy, uslubiy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Manba: O'zA

Поделиться