Toshkentda “Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish doirasida to‘lov balansi va savdo siyosati” mavzusida treninglar hamda xususiy sektor vakillari uchun “Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish, xizmatlar savdosi va ichki qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha JST qoidalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.в
Tadbirlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lish jarayoniga ko‘maklashish” dasturi doirasida tashkil etildi. Ularda investisiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov rahbarligidagi O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar guruhi vakillari, UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi ekspertlari, vazirliklar, tarmoq birlashmalari, ishbilarmonlar assosiasiyalari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirlar davomida xorijiy ekspertlarning taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Ularda mamlakatimizning JSTga a'zo bo‘lishining afzalliklari va muammolari, ushbu jarayonda xususiy sektorning roli, “O‘zbekistonning JSTga a'zo bo‘lish jarayoniga ko‘maklashish” dasturi doirasida o‘zbek biznesi vakillariga texnik ko‘mak ko‘rsatish yo‘nalishlari ochib berildi. Shuningdek, ishtirokchilar JST doirasida xizmatlar savdosini tartibga soluvchi bitimlar, xizmatlar savdosi bo‘yicha muzokaralar xususiyatlari hamda muzokaralar jarayonida xususiy sektor va hukumat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning dolzarb jihatlari bilan tanishdilar.
Aniq holatlar misolida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash choralari hamda ularni xorijiy yetkazib beruvchilarning insofsiz raqobatidan himoya qilish mexanizmlari, shuningdek, O‘zbekistonning Tashkilotga a'zo bo‘lishining xizmat ko‘rsatish sohasiga ta'siri muhokama qilindi.
Aholi salomatligini ta'minlash, noqonuniy savdoga qarshi kurashish, to‘lov balansini muvozanatlash va boshqa holatlarda davlat tomonidan cheklovchi choralarni qo‘llash imkoniyatlari ham o‘rganildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi