O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bokuda mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2021-11-15 | Siyosat
O‘zbekistonning Bokudagi elchisi Bahrom Ashrafxonov Ozarbayjon davlat migratsiya xizmati rahbari Vyusal Guseynov bilan uchrashdi.
Tadbirda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan fuqarolarning xorijga xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlari, shuningdek, uni diversifikatsiya qilish va fuqarolarning vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun mamlakatlar geografiyasini kengaytirish borasidagi ishlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.
Vyusal Guseynov O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarining bugungi darajasini yuqori baholadi. Ozarbayjon O‘zbekiston bilan har tomonlama va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga doimo alohida e’tibor qaratib kelayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Ozarbayjon davlat migratsiya xizmati huzuridagi Migratsiya bo‘yicha mintaqaviy o‘quv markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi