O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Istanbulda Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiev bilan investisiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamkorligini chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.
Chorvachilik, yengil sanoat, kimyo, farmatsevtika va oziq-ovqat sohasida qiymati 60 mln dollardan ziyod bo‘lgan 550 loyihani o‘z ichiga olgan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijro etilishi muhokama qilindi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni foydalanishga topshirish bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston savdo aylanmasida sezilarli o‘sish kuzatilganligi ta'kidlandi. Jumladan, o‘tgan 4 yil mobaynida o‘zaro savdo hajmi 5 barobardan ziyod oshdi hamda pandemiya va inqirozdan keyingi davrda ijobiy dinamikani saqlab qoldi. Tomonlar ikki mamlakat iqtisodiyotlarining yuksak salohiyatini qayd etib, tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish hamda yaqin kelajakda uning hajmini 2 milliard dollarga yetkazishga doir qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qildilar. Bu borada yengil sanoat, oziq-ovqat, elektrotexnika, metallurgiya, neft-kimyo sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari istiqbolga ega sohalar hisoblanadi.
Transport va logistika yo‘nalishidagi hamkorlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, ikki davlatni bog‘lovchi transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish bilan bog‘liq qator loyihalar, shuningdek, multimodal yetkazib berish zanjirlari uchun tarif va notarif shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Ushbu choralar majmui o‘zaro yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi.
Tomonlar mintaqalararo hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar. Xususan, joriy yilda Namangan va Jalolobodda bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama biznes-forumlar natijalari ko‘rib chiqildi. 2022-yilning birinchi choragida ikkala mamlakatning chegaraoldi hududlar rahbarlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida mavjud kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida qo‘shimcha kelishuvlarga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi