O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovning Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti F.Oktay bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, F.Oktayning shu yilning iyun oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi (HK)ning 6-yig‘ilishi yakunida kelishilgan qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish holati o‘rganildi. Mavjud kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish borasida yaqindan hamkorlik qilishga, shuningdek, HKning samaradorligini oshirishga sodiqlik bildirildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda erishilgan muvaffaqiyatlar alohida ta'kidlandi. Jumladan, 2016-yildan boshlab O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni 2 barobar, mamlakat iqtisodiyotiga kiritilgan Turkiya investitsiyalari hajmi esa 10 barobar oshdi. Uchrashuv davomida yirik qo‘shma investitsiyaviy loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi va ularni jadallik bilan nihoyasiga yetkazib, foydalanishga topshirish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
Ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar yaqin kelajakda mashinasozlik, neft'-kimyo, elektrotexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va farmasevtika sohalarida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, so‘nggi 5 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘paydi, joriy yil boshidan buyon esa 70 foizga oshdi. Yaqin kelajakda O‘zbekiston-Turkiya savdo aylanmasi hajmini 5 milliard dollarga yetkazish zarurligi haqida yakdil fikr bildirildi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Elektron tijorat sohasidagi bitim yuzasidan kelishish ishlarini yakuniga faollik bilan yetkazishga kelishildi.
Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlariga alohida e'tibor qaratildi. O‘zbekiston va Turkiya hududlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladigan O‘zbekiston-Turkiya mintaqalararo forumini o‘tkazish tashabbusi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, keyingi uch yil davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika, axborot-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma hamkorlik dasturini ishlab chiqishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelishilgan loyiha va tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi