Istanbulda "Turkiya hamda turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar" konferensiyasi o‘z ishini boshladi
Istambul (Turkiya) shahrida turkiy tilli mamlakatlar mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti arafasida tashkil etilgan “Turkiya hamda turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar” konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Tadbir Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlarda savdoni rivojlantirishning yangi vositalarini ishlab chiqish va investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.
Konferensiya ishtirokchi mamlakatlarning davlat va xususiy sektori vakillari uchun barqaror va inklyuziv o‘sishni ta'minlash va ko‘p tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni muhokama qilish va birgalikda belgilash uchun ochiq platformaga aylandi.
Tadbirning ochilish marosimida Turkiy Kengash Bosh kotibi B.Amreev (videokonferensiya orqali), Turkiya Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar qo‘mitasi prezidenti N.Olpak, Turkiya Respublikasi savdo vaziri M.Mush, Turkiy kengash Savdo-sanoat palatasi prezidenti R.Hisarjiklio‘g‘li, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri M.Jabborov, Qozog‘iston Respublikasi milliy iqtisodiyot vaziri A.Irgaliev, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri D.Amangeldiev ishtirok etdi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarlik qildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Turkiy Kengashga a'zo davlatlarining o‘tgan 30 yil davomida erishgan yutuqlarini muhokama qilib, turkiy tilli respublikalarning yaqin kelajakda iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish yo‘llari to‘g‘risida fikr almashdilar. Ishtirokchilar orasida nafaqat mamlakatlar hukumatlarining vazirlari, balki rasmiy va jamoat tashkilotlari, shuningdek, a'zo mamlakatlarning davlat va xususiy sektorlari vakillari ham bor.
Jahon iqtisodiyotining asosiy tendensiyalari, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi savdoni kengaytirish istiqbollari, investitsiyaviy muhitni yaxshilash chora-tadbirlari, transport va logistika sohasida ishtirokchi mamlakatlar oldida turgan dolzarb masala va muammolari, shuningdek, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni moliyalashtirishning yangi samarali mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov o‘tgan 5 yil mobaynida O‘zbekistonning Turkiy kengashga a'zo davlatlar bilan aloqalari izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Jumladan, savdo aylanmasi ikki barobar, turkiy tilli mamlakatlar ishbilarmonlarining sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni esa 5 barobar oshib, 2808tani tashkil qildi.
Shu nuqtai nazardan, Kengashga a'zo davlatlarning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta'minlashning muhim omili sifatida ular o‘rtasidagi ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni jadal rivojlantirish zarurligi alohida ta'kidlandi. O‘zbekiston tomoni hamkor davlatlarni mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga chaqirdi.
O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va Kengashga a'zo mamlakatlar tadbirkorlari o‘rtasida o‘zaro investitsiyalar hajmini sezilarli darajada oshirishni hamda turkiy tilli davlatlar iqtisodiyotlarining salohiyati va ustunliklaridan samarali foydalanishni ta'minlashga qaratilgan sanoat hamkorligini rivojlantirishning yagona dasturini ishlab chiqish orqali mintaqalararo qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishdan manfaatdor ekanligi bildirildi.
Anjuman o‘z ishida davom etmoqda. Tadbir dasturiga turkiy davlatlarning bir xil nigohlarini belgilash maqsadida Turkiy kengash mamlakatlari vazirlarining yig‘ilishi, bir qator panel' muhokamalar, tadbirda ishtirok etgan rasmiylarning ikki tomonlama uchrashuvlari, shuningdek, “B2B” va “B2C” shaklidagi uchrashuvlar kiritilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi