O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Inson manfaatlari doimo ustuvor
2021-11-11 | Jamiyat
Inson qadr-qimmati hamma narsadan ustun. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida ayni jihatlarga katta e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida 11-noyabr - Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan tantanali tadbir boshlandi. Mazkur tadbirda soha fidoyilari, turli tashkilot va idoralarning vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu sana munosabati bilan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvohitov o‘qib eshittirdi. Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda odamlar dardu tashvishlarini o‘rganish, ularga o‘z vaqtida yechim topish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham munosib hissa qo‘shmoqda. Keyingi besh yil davomida mamlakatimiz kasaba uyushmalari sohasida tizimli islohotlar olib borilmoqda. Mehnatkashlarni sog‘lomlashtirish, ularning farzandlarini oromgohlarda dam olishini tashkil etish, ehtiyojmand oilalar uchun sayohat uyushtirish borasidagi ishlar hajmi kengaydi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan opa-singillar muammolarini hal etish, mehnat jamoalaridagi nizoli vaziyatlarga barham berish, ishchi-xodimlarining manfaatlarini himoyalash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirmoqda. Tantanali tadbirda sohaning faol va fidoyi xodimlarni rag‘batlantirish, kasaba uyushmalari oldidagi yangi-yangi vazifalarni belgilash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Shoazim. Minovarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etmoqda.
Tadbir haqidagi kelgusi reportajlarimizni kuzatib boring.
Manba: O'zA