O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fransiya elchisi fransuz hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi ortayotganini ma'lum qildi
2021-11-11 | Turizm
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Aureliya Bushezni qabul qildi.
Elchi O‘zbekistonda turizm, madaniy meros va sport sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishdi. Shuningdek, turizm infratuzilmasini takomillashtirish, sayohatlar xavfsizligini oshirish chora-tadbirlari va xizmatlarni diversifikatsiya qilish borasida batafsil maʼlumot taqdim etildi. Elchi O‘zbekiston aholisi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va sportni targ‘ib qilishga qaratilgan loyiha va tashabbuslarga alohida qiziqish bildirdi.
A.Bushez O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli sohalari, butun jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarning “ko‘lami” va rivojlanish surʼatlaridan hayratda ekanligini taʼkidladi. Diplomat Fransiya ishbilarmonlari va ilm-fan hamjamiyatining O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi misli ko‘rilmagan darajada tez surʼatlarda ortib borayotganini taʼkidladi. Tomonlar qo‘shma loyihalar va «Beldersoy-Chimyon-Nanay» xalqaro butunmavsumiy kurort loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari, jumladan, uning bugungi holati bilan bog‘liq qator masalalarga alohida eʼtibor qaratishdi.
2022-yil kuz mavsumida Parijdagi Luvr muzeyida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida “Markaziy Osiyo ulug‘vorligi. O‘zbekiston karvon yo‘llarida” mavzusiga bag‘ishlangan ikki mamlakat madaniy hayotida yorqin voqeaga aylanadigan ko‘rgazmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, epidemiologik vaziyat yumshatilishi bilan taʼlim loyihalarini kengaytirish, jumladan, darsliklar va o‘qituvchilarni jalb qilish, talabalar almashinuvi va qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini keng nishonlash uchun madaniy-gumanitar tadbirlarning alohida dasturini tayyorlashga kelishib olishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi