O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Paxta xomashyosini yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

2021-11-10 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Paxta xomashyosi yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish hamda mahsulotni chuqur qayta ishlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2022-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishni va paxta yig‘im-terimini Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘laridan moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

a) paxta xomashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terimini imtiyozli moliyalashtirish paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari orqali amalga oshiriladi;

b) tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma resurslari hisobidan quyidagilar uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi:

paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta yetishtirish uchun – paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 24 oyga, shu jumladan, 18 oylik imtiyozli davr va 19-oydan boshlab so‘nggi 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarish sharti bilan;

Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta xomashyosi yetishtirish uchun – paxta xomashyosi qiymatining 60 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 14 oyga;

paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklariga paxta yig‘im-terimini moliyalashtirish uchun – paxta xomashyosi qiymatining 20 foizigacha miqdorda yillik 10 foiz (shundan, 2 foizi bank marjasi) stavkada 12 oyga, shu jumladan, 3 oylik imtiyozli davr bilan.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxta xomashyosi xaridi bo‘yicha yakuniy hisob-kitob uchun 12 oygacha muddatga milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Jamg‘arma hisobidan kompensatsiya to‘lanadi. Bunda, yakuniy hisob-kitob uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha kompensatsiya xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.

3. Belgilansinki:

2023-yil hosilidan boshlab paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklarining paxta hosilini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tegishli hosil yili uchun oldingi yilning 1-oktyabridan boshlanadi;

paxta xomashyosini yetishtirish maqsadida paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratilgan imtiyozli kreditlar paxta xomashyosi yetishtirish bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni moliyalashtirish uchun fermer xo‘jaliklariga yo‘naltiriladi, bundan paxta-to‘qimachilik klasterlariga ular tomonidan ijaraga olingan qishloq xo‘jaligi yerlarida paxta xomashyosini yetishtirish uchun ajratilgan kreditlar mustasno;

paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklariga paxta xomashyosi yetishtirish uchun oldindan to‘lov pul shaklida amalga oshiriladi. Bunda, oldindan to‘lovni natura shaklida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan mineral o‘g‘it, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, texnika va texnika xizmatlariga (o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalaridan tashqari) oid masalalar, shu jumladan, ularni import qilishni mustaqil hal qilinadi, bunga har qanday tarzda aralashish taqiqlanadi.

4. Jamg‘arma tomonidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishi va klasterlarning moliyaviy holati ustidan doimiy monitoringni tashkil etish maqsadida Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi va uning hududiy boshqarmalaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga Jamg‘arma tarkibida 5 shtat birligidan iborat bo‘lim tashkil etilsin.

Jamg‘armaga o‘zi tomonidan ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanilishini audit va biznes konsalting tashkilotlarini shartnoma asosida jalb qilgan holda auditdan o‘tkazish huquqi berilsin.

5. Markaziy bank, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar paketini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

tovar omborlariga qo‘yiladigan talablar, tovar omborlari faoliyatini tashkil etish va saqlash uchun berilgan mol-mulk bo‘yicha tomonlar majburiyatining bajarilishini ta’minlash tartibi, shuningdek, qat’iy hisobda turuvchi ombor guvohnomasiga qo‘yiladigan talablar;

omborga saqlash uchun berilgan mol-mulk miqdori, turi, saqlash muddati va boshqa ma’lumotlarni aks ettiruvchi Ombor guvohnomasi yagona reyestrini yaratish hamda unda tadbirkorlik sub’ektlari, tijorat banklari va davlat boshqaruvi organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish.

Tijorat banklariga mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan qonunchilik hujjatlari qabul qilingunga qadar, kreditlash uchun paxta-to‘qimachilik klasterlarining ip-kalava zaxirasini, basharti ushbu zaxira qarz majburiyatlaridan va garovdan holi bo‘lgan taqdirda, garovga olish tavsiya etilsin. Bunda, garovga qo‘yilgan ip-kalava zaxiralari garovga oluvchi tijorat bankining roziligi asosida tasarruf etiladi.

6. Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov va moliya vaziri T.A.Ishmetov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan bog‘liq tadbirlarni uzluksiz moliyalashtirish uchun 2022-yilda Jamg‘armaga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 5 trillion so‘m beg‘araz moliyaviy yordam hamda Jamg‘armaning asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra 7,5 trillion so‘mgacha byudjet ssudasi ajratilishini ta’minlasin.

7. Paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasterlariga 2021-yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirishga ajratilgan imtiyozli kreditlar 2022-yil sentyabr oyidan boshlab 6 oy davomida teng ulushlarda qaytarilishi belgilab qo‘yilsin.

Bunda, Jamg‘arma hisobidan ushbu maqsadlar uchun tijorat banklariga ajratilgan resurslarni qaytarish imtiyozli kreditlarni qaytarish muddatiga mutanosib ravishda uzaytiriladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

10. Moliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlashda mas’ul va shaxsiy javobgar etib qishloq xo‘jaligi vaziri J.A.Xodjayev, moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sh.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

           Prezidenti                             Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021-yil 10-noyabr

Manba: O'zA

Поделиться