Avstriya hukumati va ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi davomida Toshkentda O‘zbekiston-Avstriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatdan 100 ga yaqin tadbirkor, savdo-sanoat palatalari va xalqaro moliya institutlari vakillari, shuningdek, O‘zbekiston vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov va Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar Federal vaziri M.Linxart so‘zga chiqdi. Ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda munosabatlarning ishga solinmagan salohiyatini qayd etib, o‘zbek va avstriyalik tadbirkorlar o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida o‘zaro hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ta'kidladilar.
Energetika, neft'-kimyo sanoati, IT sohasi, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish va bank-moliya yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning ulkan istiqbollari qayd etildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning sezilarli natijalari hamda ularning ortga qaytmasligi ta'kidlandi. Milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasidagi izchil chora-tadbirlar tufayli O‘zbekiston bilan Avstriya o‘rtasida iqtisodiy sheriklikni kengaytirish uchun shart-sharoitlar shakllantirilgani ma'lum qilindi. Avstriya kompaniyalarining O‘zbekistonning kimyo, tog‘ - kon sanoati va avtomobilsozlik sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishdagi “muvaffaqiyat hikoyalari” ham qayd etildi.
Forumda Avstriya Federal Iqtisodiyot palatasi, Avstriyaning yirik kompaniyalari, O‘zbekistonning vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari va vakillari, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi. Ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilish uchun mavjud imkoniyatlar atroflicha ochib berildi, turli tarmoqlarning investisiyaviy va savdo salohiyati, shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyozlar taqdimoti o‘tkazildi.
Biznes-forum davomida “B2B” shaklida uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va yaqin kelajakda aniq kelishuvlarga erishish maqsadida o‘zaro hamkorlik sohalarini aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi