O‘zbekiston-Avstriya munosabatlarini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Avstriya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar Federal vaziri M.Linxart bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Avstriya munosabatlarining muhim masalalari, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zbek va avstriyalik tadbirkorlar o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish va qo‘shma investitsiya loyihalari sonini oshirish uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. 2020-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston-Avstriya tovar aylanmasining o‘sishi oldingi yilga nisbatan 53,6% ni tashkil etgani qayd etildi. Bu boradagi ishlarni yanada faollashtirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonni Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefisiari maqomini olishda qo‘llab-quvvatlagani uchun Avstriya tomoniga minnatdorchilik bildirildi. O‘zaro savdoni kengaytirish uchun ochilayotgan ushbu imkoniyatlardan kelib chiqqan holda yangi munosabatlarni o‘rnatish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarini yaqinlashtirish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilish shakllari belgilandi.
Shuningdek, muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi va Avstriya Respublikasi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi. Qo‘shma loyihalar va savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarni nazarda tutgan holda yig‘ilish kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirishga doir birgalikdagi sa'y-harakatlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida hamkorlikni faol davom ettirishga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi