O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzax viloyatida 22,1 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etiladi
2021-11-08 | Jamiyat
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi uzumchilik o‘quv markazida soha mutaxassislari ishtirokida uzumchilik klasteri, dehqon, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan 2021-2022-yillarda yangi uzumzorlar barpo etishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda uzumzorlarni zararkunanda va kasalliklardan samarali himoya qilish, muqobil energiya manbai yaratish, ya’ni quyosh panellari o‘rnatish, tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etishning afzalliklari, bog‘ va uzumzorlar barpo etish uchun ajratiladigan kreditlar va bu boradagi imtiyozlar haqida so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari a’zolari savodxonligini oshirish, jahon tajribalarini joriy qilgan holda yangi uzumzorlar barpo etish maqsadida mazkur o‘quv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi. Uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari mutaxassislarining malakasini oshirish, xususan ularga innovatsiyalarni joriy qilgan holda uzum ko‘chatlarini yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash usullarini o‘rgatish, davlat tomonidan uzumchilik sohasida berilayotgan imtiyozlarni tashabbuskor fermer xo‘jaliklariga targ‘ib qilish, uzumzorlarda ilmiy asoslangan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish loyihalarini o‘rgatish ushbu o‘quv markazining asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi.
Qolaversa, respublika miqyosida 20 mingdan ortiq uzumchilik sohasi fermer xo‘jaliklari rahbarlarini aynan ushbu o‘quv markazda o‘qitish rejalashtirilgan. Ta’kidlanganidek, bu borada yoshlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kelgusida sohadagi yosh mutaxassislarning xorijda malakasini oshirish yo‘nalishida Rossiya Fanlar Akademiyasi “Magarach” ilmiy-tadqiqot instituti olim-mutaxassislarini taklif etish, Avstriya Uzumchilik va vinochilik oliy federal kolleji professor-o‘qituvchilarining markaz tinglovchilariga uzumchilik sohasida ma’ruza o‘tishini yo‘lga qo‘yish, Italiyaning Florensiya instituti bilan hamkorlikda soha mutaxassislarining malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
bugungi kunda respublikamizda 4,8 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirilishi evaziga 80 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etilishi rejalashtirilgan.
Ushbu uzumzorlarning 28,8 ming gektari xo‘raki, 35,8 ming gektari kishmishbop va 15,4 ming gektari sanoatbop navli tokzorlarni tashkil qilib, ushbu uzumzorlarni sug‘orishda suvni tejash maqsadida 2,8 ming dona artezian qudug‘i qazish va innovatsion texnologiyalar asosida 26 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish belgilangan.
Shundan Jizzax viloyatida 1,4 trillion so‘m mablag‘ hisobiga 22,1 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etiladi. Natijada 14 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Uzumzorlarda suvni tejash maqsadida 1,1 ming dona artezian quduqlari qazilib, qariyb 11 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etiladi. Natijada har yili 8,5 ming metr kub suvni tejashga imkon yaratiladi. Bundan tashqari, viloyatda 5 ta vinochilik klasteri tashkil qilinib, 29 ming tonna uzumni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 5,2 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 2 ming 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish imkoni paydo bo‘ladi. Shuningdek, byudjetga 40,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tushadi, vinochilik turizmi rivojlanadi.
Hozirgi kunda viloyatda barcha toifa xo‘jaliklarida 5,8 ming gektar tokzorlar mavjud.
Manba: O'zA