O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm sohasi mutaxassislari uchun seminar tashkil etildi
2021-11-08 | Turizm
Turizm va sport vazirligida vazirlik tasarrufidagi taʼlim muassasalari xodimlari va professor-o‘qituvchilari uchun seminar tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 30-oktyabrdagi “Turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati muhokama qilindi.
Seminar davomida Vazirlikning departament direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Alisher Eshtayev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasida turizm, madaniy meros va muzeyshunoslik sohalarida xalqaro standartlarga mos uzluksiz taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, mehnat bozorining zamonaviy talablariga muvofiq yuqori malakali raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash jarayonini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qarorda belgilangan aniq vazifalar haqida batafsil so‘zladi.
Shuningdek, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning integratsiyasini taʼminlash maqsadida respublikamizdagi turizm va madaniy meros yo‘nalishlarida taʼlimning yangicha tizimini shakllantirish hamda yana-da rivojlantirishga shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan. Yaqin kelajakda sohaga oid yuqori malakali hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tarbiyalab yetishtirishda muhim rol o‘ynashi qayd etildi. Bundan tashqari, “Ipak Yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori professor Jo‘liboy Eltazarov Prezident qarori sohadagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari oldiga muhim vazifalarni qo‘yishini hamda bu vazifalarni to‘laqonli ado etish har bir professor-o‘qituvchi va xodimlarning birinchi navbatdagi burchi hamda vazifasi ekanligini taʼkidlab o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi