O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari 2022-yil O‘zbekistonga tashrif buyuradi
2021-11-08 | Siyosat
O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)dagi doimiy vakili, elchi Abat Fayzullayev Venada YEXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari (MOOK) Qayrat Abdrahmonov bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YEXHTning milliy ozchiliklar bo‘yicha Oliy komissari ofisi o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, 2022-yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va YEXHT MOOK o‘rtasida yaqin amaliy aloqalar yo‘lga qo‘yildi, tomonlar MOOKning tavsiyalariga bag‘ishlangan milliy va mintaqaviy darajada qator tadbirlarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
Jumladan, Oliy komissar 2021-yil iyul oyida O‘zbekiston Oliy sudi va Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi odil sudlovdan foydalanish va milliy ozchiliklar bo‘yicha Gras tavsiyalari mavzusida onlayn shaklda davra suhbati uyushtirilganini taʼkidladi. Ushbu voqea munosabati bilan MOOK ofisi “Gras tavsiyalari” va turli jamiyatlarning integratsiyasi bo‘yicha Lyublyana yo‘riqnomalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi va tarqatdi.
Tomonlar ushbu ijobiy amaliyotni davom ettirish va 2022-yil hamkorlikda O‘zbekistonning turli shaharlarida ushbu mazmundagi qator tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldi.
Shuningdek, Qayrat Abdrahmonov 2022-yil O‘zbekistonga kelishga tayyorligini maʼlum qildi.
Tadbir yakunida suhbatdoshga “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” kitob-fotoalbomi sovg‘a qilindi. Unda O‘zbekiston milliy siyosati, mamlakatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik, milliy-madaniy markazlarning etnik qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish borasidagi faoliyati haqida hikoya qilingan.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi