O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
MDH Moliya-bank Kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2021-11-05 | Iqtisodiyot
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari-Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovning MDH Moliya-bank Kengashi Muvofiqlashtiruvchi kengashi Prezidenti Vadim Kumin boshchiligidagi MDH Moliya-bank Kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor joriy yilning 26-noyabr kuni Toshkent shahrida MDHga a’zo davlatlarning II xalqaro moliya-bank forumini tashkil etish masalasini muhokama qilishga qaratildi.
Vadim Kumin O‘zbekistonning xalqaro tadbirlarni o‘tkazishdagi ulkan tajribasini, xususan, Toshkent shahrida I xalqaro Moliya-bank forumini tashkil etishning yuqori darajasini qayd etib, tadbir ishtirokchilarini xabardor qoldirdi. Shu bilan birga, MDH MBK O‘zbekistonda ikkinchi forum o‘tkazishni taklif qildi. Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Toshkent shahrida MDHga a’zo davlatlarning I Xalqaro moliya-bank forumi bo‘lib o‘tgan edi. Forumda bank-moliya tuzilmalari rahbarlari hamda turli moliya, sug‘urta, lizing, investitsiya kompaniyalari va reyting agentliklari vakillari darajasida 425 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, ulardan 168 nafari xorijiy mamlakatlaridan, va dunyoning 21 davlati vakili bo‘lgan edi.
O‘zbekiston tomoni MDH MBK rahbariga yuqori ishonch uchun minnatdorlik bildirib, bugungi kunda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ushbu tadbirni tashkil etish bo‘yicha faol ish olib borayotganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, tomonlar hamkorlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini, xususan, O‘zbekistondan kelgan muhojirlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, ya’ni pul o‘tkazmalarini takomillashtirish, shuningdek, sug‘urta xizmatlari jarayonini yengillashtirishni muhokama qildilar. Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi