O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidentligi saylovida Ursula Papandrea ishtirok etishi ma’lum bo‘ldi
2021-11-05 | Sport
Toshkent shahrida joriy yil 7-17-dekabr kunlari o‘tadigan jahon chempionati doirasida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF)ning navbatdan tashqari kongressi tashkil etiladi.
Kongressda olimpiya sport turi bo‘lgan og‘ir atletikaning bosh tashkiloti – IWFning yangi prezidenti, ijroiya qo‘mita a’zolari, turli komissiya vakilliklari saylanadi.
Hozirda Toshkentda o‘tishi kutilayotgan kongressga nomzodlarni tavsiya etish jarayoni davom etmoqda. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tizimidagi insidethegames saytining bildirishicha, Toshkentda o‘tkaziladigan kongressda IWF prezidentligi uchun AQSH og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan bir necha yillar Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Ursula Papandrea nomzodi ilgari surildi. Uning nomzodini AQSH olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari va mamlakatdagi boshqa qator aloqador tashkilotlar qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Shuningdek, okean orti mamlakati IWFning bir qator ijroiya qo‘mita va komissiyalariga ham o‘z nomzodlarini tavsiya etayotganligini keltirib o‘tgan. Aytish joizki, Papandrea Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining sobiq prezidenti Tomash Ayyan iste’fo bergandan so‘ng, bir muddat IWF prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgandi. Ammo Xalqaro olimpiya qo‘mitasining e’tiroz va talablari asosida vazifasini davom ettirishni to‘xtatgandi.
Papandrea ushbu sport turning xalqaro boshqaruvini qabul qilishga, kutilayotgan islohotlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi bilan aloqalarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga harakat qilishini aytib o‘tgan.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi mutaxassislarining aytishicha, Xalqaro og‘ir atletika (IWF) federatsiyasi kongressi jahon chempionatidan keyin, ya’ni 20-21-dekabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladi. Anjuman poytaxtimizning aynan qaysi majmuasida tashkil etilishi borasidagi masala yaqin kunlarda aniq bo‘ladi.
Hozirda yurtimizda mazkur jahon chempionati va Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining kongress yig‘ilishini yuqori darajada o‘tkazish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Insidethegames saytining ma’lumotida keltirilishicha, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidentligi uchun nomzodlar soni 4-5 nafar bo‘lishi mumkin. Nomzodlar qatoriga Eron va Rossiya mutaxassislari, shuningdek, kutilmagan boshqa davlat vakillari ham qo‘shilishi ehtimoldan yiroq emas.
Manba: O'zA