O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bugun Bishkekda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» formatidagi iqtisodiy forum bo‘lib o‘tadi
2021-11-05 | Siyosat
Qirg‘iziston poytaxtida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» birinchi iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi.
Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi maʼlumotiga ko‘ra, tadbir oflayn shaklda o‘tkaziladi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan yuqori martabali delegatsiyalar ishtirok etadi.
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan hukumat rahbarlari, Tojikiston va Turkmanistondan bosh vazir o‘rinbosarlari qatnashishi kutilmoqda. Yevropa Ittifoqi delegatsiyasiga kecha Bishkek shahriga kelgan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis rahbarlik qiladi.
«Tadbir YEIga aʼzo davlatlarning va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yuqori martabali vakillari, mintaqadagi Yevropa Ittifoqi loyihalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar, Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan xususiy sektor vakillari, shuningdek, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, jumladan, Yevropa moliya institutlarini bir joyga jamlaydi, - deb yozadi “Kabar”. - Forum Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy rivojlanish sohasidagi ustuvor ehtiyojlari yuzasidan fikr almashish imkoniyatini beradi. Forumda uchta asosiy yo‘nalish - “yashil” tiklanish, raqamlashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalari muhokama qilinadi».
Forum yuqori darajadagi yalpi majlis bilan boshlanadi. Anjuman doirasida uchta shoʻba sessiyalar bo‘lib o‘tadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi