O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
FOA ko‘magida Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining virtual formatdagi norasmiy to‘rtinchi uchrashuvi o‘tkazildi
2021-11-04 | Siyosat
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining virtual shakldagi navbatdagi norasmiy to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda FAO bosh direktori o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili V.Raxmanin, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston qishloq xo‘jaligi vazirlari hamda Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, Yevroosiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda tomonlar Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligida kichik xo‘jaliklarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarga chidamliligi va barqarorligini oshirish yuzasidan fikr almashdi.
V.Raxmanin ushbu muloqot BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 26-konferensiyasi bilan bir vaqtda o‘tkazilayotgani bilan ahamiyatli ekanini taʼkidladi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Butunjahon oziq-ovqat sammiti yakunlari va FAOning
2022-2031-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi diqqat markazida ekanligi qayd etildi.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyo mintaqasining o‘ziga xos keskin va quruq ob-havo sharoitini inobatga olgan holda, iqlim o‘zgarishi taʼsiri ostida qishloq xo‘jaligida yana-da jiddiy xatar va sinovlar yuzaga kelishi hamda bunga qarshi kurashishda o‘zaro hamjihatlikda harakat qilish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirdi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev ishtirokchilarni mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasida iqlim o‘zgarishiga qaratilgan maqsadli choralar va islohotlar bilan tanishtirdi.
- Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida paxta ekin maydonlari qisqartirilmoqda, suv tejovchi texnologiyalar jadal joriy etilyapti, - dedi Jamshid Xo‘jayev. - Bundan tashqari organik mahsulotlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etish bo‘yicha islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga davlat tomnidan imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilmoqda. Iqlim o‘zgarishining agrosanoat tizimiga taʼsiri bo‘yicha kompleks o‘rganish ishlari olib borilyapti.
Vazir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan FAO shafeligida Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining yig‘ilishini o‘tkazish mintaqa qishloq xo‘jaligida mavjud xatarlarni yengish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda muhim rol o‘ynashini alohida taʼkidladi.
O‘zbekiston vakili, shuningdek, qishloq xo‘jaligida agroekologiyani ommalashtirish bo‘yicha FAO mintaqaviy loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish takliflarini ilgari surdi hamda kichik ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish maqsadida kooperativlar tashkil etish va ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalariga eʼtibor qaratish lozimligini bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi