O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tashkil etildi
2021-11-04 | Madaniyat
Prezidentimizning joriy yil 7-apreldagi “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan mazkur markaz O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va kinosanoati vakillari muassisligida ish boshladi.
O‘zbekiston Milliy kinematografiyani rivojlantirish markaziga kino san’atini jamiyatning ma’naviy, madaniy-ma’rifiy hayotida, jumladan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda strategik manba sifatida shakllantirish, kino sanoatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish hamda xorijiy kinokompaniyalarni mamlakatga jalb qilish va hamkorlikda filmlar ishlab chiqarishni rivojlantirish vazifalari yuklatildi.
Shuningdek, kino sanoatini iqtisodiyotning alohida tarmog‘i sifatida rivojlantirish, zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish, kinematografiya sohasida kadrlar tayyorlash, kino ijodkorlari va texnik xodimlari malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha ham tizimli ishlarni amalga oshiradi.
Milliy seriallar ishlab chiqarishni davlat tomonidan rag‘batlantirish, animatsion filmlar ishlab chiqarishga yosh multiplikator va animatorlarni keng jalb qilish hamda sohada mualliflik huquqining kafolatli himoya qilinishini ta’minlash, kinoprokat tizimini rivojlantirish va milliy filmlarni jahon kino bozorlariga olib chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Manba: O'zA