O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasida vodorod energetikasini rivojlantirish
2021-11-03 | Innovatsiya
Butun insoniyat global isish, atrof-muhitning ifloslanishi va uglevodorod zaxiralarining kamayishi muammolariga duch kelmoqda. Ushbu muammolarni hal qilish yoʻllaridan biri “yashil” vodoroddan foydalanish boʻlishi mumkin. Shunga koʻra, keyingi yillarda bu sohaga qiziqish sezilarli darajada oshdi. Rivojlangan mamlakatlar vodorod energetikasini rivojlantirishga katta kuch va mablagʻ sarflamoqda.
Xalqaro ekspertlar tomonidan Vodorodning jahon energetikasidagi ulushi 2050-yilga kelib 18 foizni tashkil qilishi va XXI asr soʻngiga kelib 40 foizdan oshishi prognoz qilinmoqda.
Sohaning Oʻzbekiston Respublikasidagi holati qanday?
British Petroleum kompaniyasining hisob-kitoblariga koʻra, dunyodagi tasdiqlangan neft zaxiralari, ishlab chiqarishning hozirgi surʼatlari saqlanishi sharoitida, 50 yillik ehtiyojni qoplashi mumkin.
Boshqa manbalar shuni koʻrsatadiki, planetaning hozirgi neft isteʼmoli darajasi saqlanganda atigi 53 yilga, tabiiy gaz esa taxminan 60 yilga yetadi.
Oʻzbekiston tabiiy gaz zaxiralari boʻyicha dunyoning barcha mamlakatlari orasida 19-oʻrin, koʻmir boʻyicha 25-oʻrin va neft zaxiralari boʻyicha 45-oʻrinda turadi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston zaxiralari koʻrsatkichlari dunyoning top 10 ta davlatiga nisbatan ancha past. Respublikada ishlab chiqarilayotgan neft hozirdanoq mamlakat ehtiyojlarini qondira olmayapti.
Hozirgi tasdiqlangan neft va gaz zaxiralari, hozirgi isteʼmol darajasi saqlanganda, 25-35 yilga yetadi. Koʻmir zaxiralari uzoqroq muddatga xizmat qiladi, ammo koʻmirning oʻziga xos ekologik kamchiliklari bor.
Sanoatning rivojlanishi va aholi sonining oʻsishi ehtiyojlarning oʻsishiga olib keladi, uni qondirish uchun energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish talab etiladi. Respublika mutaxassislarining prognozlariga koʻra, 2030-yilga borib Oʻzbekistonda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj qariyb 121 milliard kVt/soatni tashkil etadi, hozirgi paytda esa 70 milliard kilovatt/soatdan bir oz koʻproq.
Global isish va atrof-muhitning ifloslanishi insoniyat oldiga qaytarib boʻlmaydigan jarayonlarning boshlanishiga yoʻl qoʻymaslik vazifalarini qoʻymoqda. Ushbu muammolarni hal qilish maqsadida 2015-yil 12-dekabrda Parij shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy Konvensiyasiga aʼzo davlatlar konferensiyasining 21-sessiyasida 196 davlat tomonidan Parij kelishuvi qabul qilindi.
Parij kelishuvi atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirish va global haroratning oʻrtacha koʻtarilishini sanoat darajasi oldingi davrga(1750) nisbatan 2 0C dan past ushlab turish va haroratning
1,5 0S gacha koʻtarilishini cheklashga harakat qilish orqali keyingi iqlim oʻzgarishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda jahon hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan. Buning uchun 2050-yilga kelib global issiqxona gazlari emissiyasini 40-70 foizga kamaytirish va 2100-yilga kelib issiqxona gazlari emissiyasini nolga teng yoki manfiy darajaga yetkazish talab etiladi.
Oʻzbekistonning Parij kelishuvi boʻyicha asosiy milliy hissasi 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga toʻgʻri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yil darajasidan 10 foizga kamaytirishdan iborat.
Yuqoridagilarning barchasidan kelib chiqib, 2020-yil aprel oyi oxirida Hukumat qarori bilan Energetika vazirligi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar, shuningdek, xalqaro maslahatchilar bilan birgalikda ishlab chiqilgan “2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi” tasdiqlandi.
Ushbu konsepsiyaga muvofiq, 2030-yilga kelib uglevodorod yoqilgʻisidan foydalanmasdan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi oʻrnatilgan quvvatlarning ulushi GESlar quvvatini 3800 MVtga yetkazish, quvvati 3000 MVt boʻlgan shamol va 5000 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyalarini, 2400 MVt quvvatga ega atom elektr stansiyasini qurish hisobiga 50 foizga yaqinlashadi. Bunda oʻzgaruvchan quyosh va shamol elektr stansiyalarining ulushi 25 foizdan ortiq boʻladi.
Oʻzgaruvchan ishlab chiqarish quvvatlarining bunday katta ulushi quvvat balansini tartibga solishda qiyinchiliklar tugʻdiradi. Energiya balansini ishonchli tartibga solish va isteʼmolchilarni yuqori sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun yetarli miqdorda va sifatli zaxira quvvatlari – “akkumulyatorlar” talab qilinadi.
Bunday zaxiralar manbalari sifatida elektrokimyoviy batareyalar, gidro akkumulyator stansiyalari, suyultirilgan (siqilgan) havo yoki boshqa gaz, superkondensatorlar, mexanik va gravitatsion akkumulyatorlar, “yashil” vodorod gazi va boshqalar ishlatilishi mumkin.
Har bir manbaning oʻziga xos ustuvor va zaif tomonlari bor va shunga koʻra ular turli ulushlarda ishlatilishi mumkin.
Oxirgi yillarda ishlab chiqarish tannarxi sezilarli arzonlashayotgan “yashil” vodorod kelajakda salmoqli ulushga ega boʻlishi kutilmoqda.
Vodorod faqat energetika sohasida emas, balki boshqa koʻpgina sohalarda ham muhim xomashyo sifatida qoʻllanilib kelinmoqda. Jumladan:
Hozirgi vaqtda jahon miqyosida vodorod energetikasi sohasida izlanishlar boshlangʻich davrda ekanligi sababli, mazkur yoʻnalishga ustuvor eʼtibor qaratilsa, respublikamiz ushbu sohada yetakchi davlatlar qatoriga qoʻshilish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkin.
Respublika rahbariyati vodorod energetikasini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda.
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligining asosiy funksiyalaridan biri etib, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbai - “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qoʻllash boʻyicha innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etishni tashkil qilish belgilangan. Ushbu yoʻnalishda ishlarni vazirlikning Tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni rivojlantirish boshqarmasi samarali amalga oshirib kelmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi