O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari muhokama qilindi

2021-11-01 | Siyosat

2021-yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra tarmoq korxonalari hamda hududlarda Ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturining bajarilishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.

Majlisda joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra Ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga muvofiq 1 745  ta loyiha doirasida 20,2 trln so‘mlik, shu jumladan, tarmoq korxonalarida 506 ta loyiha doirasida 9,7 trln so‘mlik hamda hududlarda 1 239 ta loyiha doirasida 10,5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi 142,9 foizni tashkil etganligi taʼkidlandi. Xususan:

iqtisodiyot tarmoqlarida – “O‘zeltexsanoat” uyushmasi (3,5 trln so‘m), “O‘zbekneftgaz” AJ (2,4 trln so‘m), “O‘zkimyosanoat” AJ (1,3 trln so‘m), “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi (848,3 mlrd so‘m), “O‘zavtosanoat” AJ (541,0 mlrd so‘m), “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi (386,5 mlrd so‘m);

hududlarda – Toshkent shahri (2,9 trln so‘m), Jizzax viloyati (2,1 trln so‘m), Andijon viloyati (1,7 trln so‘m), Farg‘ona viloyati (822,2 mlrd so‘m), Toshkent viloyati (639,5 mlrd so‘m), Samarqand viloyati (545,9 mlrd so‘m), Namangan viloyati (320,7 mlrd so‘m), Navoiy viloyati (287,4 mlrd so‘m) va boshqa hududlarda (843,5 mlrd so‘m) salmoqli loyihalar amalga oshirilganligiga alohida eʼtibor qaratildi;

mahalliylashtirish loyihalari hisobiga 1,7 mlrd dollarga teng import tovarlar o‘rni bosilganligi, shundan 218,4 mln dollarlik 153 turdagi mahsulotlar eksport qilinganligi, shu jumladan, Isuzu D-Max avtomobillari, Full HD va Ultra HD formatli televizorlar, qurilish oynasi, santexnika mahsulotlari, keramika plitalari, yengil sanoat va charm-poyabzal kabi  mahsulotlar eksportga yo‘naltirilganligi taʼkidlab o‘tildi.

Shu bilan birga, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalarining8 ta loyihalari doirasida, hududiy korxonalarning18 ta loyihalari doirasida mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish boshlanmaganligi sababli qiymati 376,0 mlrd so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmaganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Majlis davomida tarmoq-hudud tamoyili asosida ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari A.B. Voitov, yengil sanoat korxonalari importi tarkibini maqbullashtirish bo‘yicha “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.U. Xaydarov, avtomobilsozlik sohasidagi korxonalarning turdosh tovarlar importi tarkibini optimallashtirish natijadorligi haqida “O‘zavtosanoat” AJ raisi Sh.B. Umurzakov, hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida Qashqadaryo  viloyati hokimi Z.T. Mirzayev va Toshkent viloyati hokimi D.A. Xidoyatovning hisobotlari eshitildi.

Majlis davomida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, hisobot davrida turdosh mahsulotlar importi hajmlarini qisqartirish bo‘yicha kamchiliklar ko‘rib chiqilib, masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga nisbatan taʼsir choralari qo‘llanilishi belgilandi.

Bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratildi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Toshkent shahrining  Yashnobod tumanida tashkil etilgan texnopark misolida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha aniq va puxta asoslangan takliflarni ishlab chiqish;

ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tarzda 2022-2023 yillar uchun yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda mazkur loyihalarning amalga oshirilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish davlat dasturi asosida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Elektron kooperatsiya portalida iqtisodiyotning real sektori ishtirokchilari uchun keng imkoniyatlarni yaratish;

Shuningdek, majlis yakuniga ko‘ra ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini yana-da oshirish va sifat jihatdan raqobatbardoshliligini kuchaytirish hamda hududlar va tegishli tarmoq korxonalarida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yangi loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Majlis yakuniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining tegishli qarori qabul qilindi.

Поделиться