O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qizlarimiz voleybol bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatini yirik g‘alaba bilan boshlashdi
2021-10-27 | Sport
Kecha Namangan muhandislik-qurilish instituti sport majmuasida Turizm va sport vazirligi hamda Osiyo voleybol konfederatsiyasi (AVC) tomonidan tashkil etilgan qizlar o‘rtasida U-19 Markaziy Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Namangan viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Nuritdinov kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan ilgari surilayotgan 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning qobiliyatini namoyon qilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan barcha sohalarda ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan yosh sportchilarga omad tiladi.
Shu kunning o‘zida dastlabki o‘yinlar ham bo‘lib o‘tdi. Birinchi bo‘lib parketga Tojikiston va Qozog‘iston terma jamoalari chiqib kelishdi. Uchrashuvda musobaqa g‘olibligiga asosiy daʼvogar qozog‘istonlik yosh voleybolchilar 3:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ularning raqibi bironta partiyada hatto 15 ochkolik dovonga ham yetib borisholmadi – 25:9, 25:11, 25:12.
Ikkinchi o‘yinda yosh voleybolchi qizlarimiz qirg‘izistonlik tengqurlari bilan kuch sinashdi. Birinchi partiyada muxlislar murosasiz kurashga guvoh bo‘lishdi – 25:22. Keyingi ikki partiyada esa mehmonlar charchab qolishdimi yoki muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi o‘z so‘zini aytdimi, xullas keyingi ikki partiya vakilalarimizning ishonchli g‘alabasi bilan tugadi: 25:12, 25:13.
Bugun musobaqaning guruh bosqich 2-tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Unda muxlislar Tojikiston – Qirg‘iziston va O‘zbekiston – Qozog‘iston qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishadi. Qizlarimiz ishtirokidagi o‘yin soat 17:00da boshlanadi. Voleybol ixlosmandlarini tema jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib qolamiz.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi