O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti bilan uchrashdi
2021-10-27 | Innovatsiya
Moskva shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Rossiya Fanlar akademiyasi prezidenti Aleksandr Sergeyev bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida hamkorlikning yangi yoʻnalishlari, xususan, vodorod energiyasi, sunʼiy intellekt va talabalar uchun taʼlim olish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, yana qator yoʻnalishlar ham mavjud boʻlib, ular
Memorandumda qayd etilgan. Ushbu hujjat Oʻzbekiston rahbariyatining Rossiyaga boʻlajak tashrifi doirasida imzolanishi kutilmoqda.
“Bilimlarimizning texnologiyalarga aylanishi Rossiya uchun ham juda muhimdir. Shuning uchun biz hamkorlikdan manfaatdormiz”, deydi Aleksandr Sergeyev.
Uchrashuvda ilmiy faoliyatning davomiyligi va kadrlar muammosiga alohida eʼtibor qaratildi. I. Abdurahmonovning qayd etishicha, Oʻzbekistonda bandlik masalasi hamon dolzarb, davlat fuqarolarni ish bilan taʼminlashga intilmoqda.
“Soʻnggi paytlarda hududlarda bir qator texnoparklar tashkil etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi yosh olimlarning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlaydi, mablagʻlar ajratadi, shuningdek, seminar va laboratoriyalar tashkil etib kelmoqda”, dedi vazir.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda akademik universitet yaratish boʻyicha qoʻshma loyihaga alohida eʼtibor qaratildi.
– Bizning umumiy vazifamiz yosh olimlarning chetga ketib qolmasligi uchun langar tashlashdir. Akademik institutlar va Fanlar Akademiyasi yoshlar bilan ishlashga tayyor, ammo universitet Fanlar Akademiyasining bir qismi boʻlsa, u ham oʻzlari uchun kadrlar tayyorlaydi, deb taʼkidladi Rossiya Fanlar Akademiyasi Prezidenti. – Masalan, Xitoy Fanlar akademiyasining nafaqat Xitoyda, balki xorijda ham akademik fanlar uchun kadrlar tayyorlaydigan uchta akademik universiteti mavjud. Bu namuna boʻlishga arzigulik tashabbus. Bu kabi akademik universitetning MDHda tashkil topish jarayonida ishtirok etish va hissa qoʻshish biz uchun muhimdir.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi