O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Farg‘onada “Japan city” innovatsion shaharchasi barpo etiladi

2021-10-26 | Innovatsiya

Yaponiyaning “AOIKAI Medical Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Xiroshi Tamai, korporatsiya bosh yuristi Naoya Endo, shuningdek, AOIKAIning O‘zbekistondagi vakillaridan iborat delegatsiya Farg‘ona viloyatida bo‘ldi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan samimiy muloqot davomida “AOIKAI Medical Corporation” tomonidan mamlakatimizda amalga oshirish rejalashtirilayotgan yapon me’moriy san’ati uslubidagi 36 ta ob’ektdan iborat bo‘lgan “Japan city” innovatsion shaharchasini qurish, hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash maktabini ochish, aholiga moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim kreditlari ajratish uchun kichik tijorat bankini tashkil etish, “AOIKAI” xalqaro tibbiyot klinikasini ochish, uzumning urug‘siz oliy navlarini yetishtirish kabi loyihalar muhokama qilindi.

“AOIKAI Medical Corporation” 1978 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 15 ta kompaniya qamrovida 15200 dan ziyod xodimni ish bilan ta’minlagan. AOIKAI faoliyatining asosiy yo‘nalishi bu yuqori darajadagi tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat. Hozirgi kunda korporatsiyaga qarashli 130 dan ortiq ijtimoiy ahamiyatga ega muassasa, jumladan, 32 ta shifoxona, 84 ta qariyalar uyi, 12 ta universitet, kollej, bolalar bog‘chasi va boshqa muassasalar mavjud. Kompaniya, shuningdek iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham ko‘plab loyihalarni amalga oshirib kelmoqda, turli istiqbolli yo‘nalishlarda investitsion faollik qayd etmoqda.

Yaponiyalik ishbilarmonlar so‘nggi besh yilda O‘zbekiston tubdan o‘zgargani, bu nafaqat shahar va qishloqlarning tashqi ko‘rinishida, balki odamlarning turmush tarzida ham yaqqol ko‘zga tashlanayotganini qayd etdi. Mehmonlar Farg‘ona viloyati xorijiy sarmoyadorlar uchun so‘nggi paytda juda jozibador hududga aylanib borayotganidan xabardor ekanligini ta’kidlab, yuqorida qayd etilgan barcha loyihalarni Farg‘onada amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Uchrashuvda Farg‘ona viloyatining iqtisodiy-investitsion ko‘rsatkichlari hamda turli sohalardagi o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berdi. Uchrashuv kun tartibidagi har bir loyihaning viloyatda amalga oshirilish istiqbollari haqida so‘z yuritildi. Farg‘onada 300 gektar hududda barpo etilayotgan yangi ekoshahar loyihasi mehmonlar e’tiboriga taqdim qilinib, “Japan city” innovatsion shaharchasini mazkur hududda barpo etish taklif qilindi. bugungi kunda Farg‘ona viloyati Yaponiya bilan ta’lim sohasida aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, Rishton tumanidagi Rishton-Yaponiya madaniy iqtisodiy aloqalar markazi qoshida “Noriko Gakkiyu” yapon tili va madaniyati to‘garagi hamda Farg‘ona shahridagi monomarkazda joylashgan “Yamato” informatsion texnologiyalar sohasidagi mutaxassislarni tayyorlovchi uch yillik o‘quv markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. “AOIKAI Medical Corporation” tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan hamshiralik ishi yunalishi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash maktabini dastlabki bosqichda Farg‘onadagi monomarkaz binosida yoki bo‘sh turgan kollejlar binolarida tashkil etish mumkinligi ma’lum qilindi.

Farg‘ona viloyati tumanlari uzum yetishtirishda mashhur ekani, uzumning Yaponiyaga xos urug‘siz oliy navlarini yetishtirishni Oltiariq, Farg‘ona tumanlarida yo‘lga qo‘yish borasida fikr almashildi. “AOIKAI” xalqaro tibbiyot klinikasini Farg‘onada barpo etilishi qo‘llab-quvvatlandi va bunday zamonaviy tibbiyot muassasasining tashkil etilishi 11 milliondan ziyod vodiy viloyatlari aholisi uchun qulaylik yaratishi ta’kidlandi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi hamda “AOIKAI Medical Corporation” prezidenti Takayoshi Shintanining dekabr oyining dastlabki sanalarida Farg‘onaga tashrifi chog‘ida har bir loyiha bo‘yicha aniq muzokaralar o‘tkazilishiga kelishildi.

Manba: O'zA

Поделиться