O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hamkorlik munosabatlari mustahkamlanmoqda
2021-10-25 | Xavfsizlik sohasi
Ayni vaqtda amaliy tashrif bilan Koreya Respublikasida boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi bugun Koreya Milliy politsiya agentligi bosh komissari Kim Chang Yong va Birlashgan Arab Amirliklari Ichki ishlar vazirligi bosh inspektori, general-mayor Axmad Nasir Al-Raisi hamda Koreya Milliy politsiya agentligi masʼul xodimlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Dastlab tomonlar soʻnggi yillarda huquqni muhofaza qilish yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratib kelinayotganligini eʼtirof etib, oʻzaro aloqalarni doimiy ravishda rivojlantirib borishdan manfaatdor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvlar davomida vazirlik va idoralar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarining holati va istiqbollarini muhokama qilib, idoralar oʻrtasida imzolangan mavjud kelishuvlar doirasida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar hamda oʻzlarini qiziqtirgan masalalar xususida muhokama qilindi.
Shuningdek, Koreya milliy politsiya mutaxassislari bilan kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish yoʻnalishlarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini mustahkamlash boʻyicha oʻzaro fikr almashdilar.
Uchrashuv soʻngida tomonlar kelgusida vazirlik va idoralar oʻrtasidagi munosabatlarni hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan oʻzlarining taklif va mulohazalarini bildirib, istiqboldagi chora-tadbirlarni belgilab oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi