O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazir INNO texnoparkining bo‘lajak rezidentlari bilan uchrashdi
2021-10-21 | Yoshlar
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov kuni kecha ochilishi bo‘lib o‘tgan Innovatsion o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkida faoliyat yuritishi kutilayotgan talablar, yosh olimlar va tadqiqotchilar bilan uchrashdi.
Vazir Olmazor tumanidagi talabalar shaharchasida joylashgan INNO texnoparkida zamon talablariga mos keluvchi maxsus laboratoriyalar, zamonaviy kutubxona, robototexnika vositalari, texnik jihozlar joylashganini taʼkidlab, yoshlar o‘z innovatsion g‘oyalarini kengaytirish, ularni amalga oshirish imkoniyatiga ega ekanini aytdi.
Darhaqiqat, hozirda yoshlarga, xususan talabalar, yosh tadqiqotchilar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, mazkur texnoparkning qurilishi va ishga tushirilishi ularning nazariy bilimlarini talabalik davrlaridayoq amalga oshirish uchun sharoit yaratadi. Talabalar diplom olgunlaricha o‘z sohalarining malakali mutaxassisi bo‘lib yetishadilar.
INNO texnoparkidagi zamonaviy maxsus texnik vositalar bilan jihozlangan biotexnologik laboratoriya, ishlab chiqarish xonasi, tuproq unumdorligini tahlil qilish laboratoriyasi, tovush laboratoriyasi, robototexnika, standartlashtirish xonalari turli yo‘nalishlarda tadqiqot ishlarini olib borish, ishlanmalarning namunalarini yaratish uchun hozirda tayyor.
Tadbir so‘ngida I. Abdurahmonov uchrashuvda qatnashgan yoshlarning har biriga davlatimiz rahbari bilan tushgan esdalik suratlarini topshirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi