O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
20-oktabrdan bola parvarishiga doir muhim tavsiyalar taqdim etiladi
2021-10-21 | Jamiyat
Bola kasal boʻlmasligi uchun nimalar qilish kerak? Olti oylik goʻdakka qanday qoʻshimcha ovqatlar bersa boʻladi? Bolaning tishlari chiqayotganda nimalarga eʼtibor qaratish zarur? Jajji oʻgʻil-qizlarning qomati toʻgʻri shakllanishi qanday omillarga bogʻliq? Ularga harf tanitishni qachondan boshlagan maʼqul? Farzandlarimizning immunitetini qanday mustahkamlash mumkin.
Har bir ota-ona farzand parvarishida shu kabi minglab savollarga roʻbaroʻ keladi va har biriga toʻgʻri javob topishga harakat qiladi. Ayniqsa, yosh oilalarda bu jarayon bir muncha murakkab kechishi tabiiy.
Bunday vaziyatda koʻpincha kattalarning koʻmagiga suyanishimiz bor gap. Boboyu buvilarimizning koʻrsatma va yoʻl-yoʻriqlari, hayotiy tajribasi biz uchun dasturilamal. Ammo bugungi taraqqiyot asrida farzand tarbiyasiga doir har bir vazifa va yumushni ilmiy asoslangan tavsiyalarga muvofiq bajarish maqsadga muvofiq. Buning tibbiy hamda pedagogik jihatdan maqbul metod va texnologiyalari ham ishlab chiqilgan.
Ertaga — 20-oktyabrdan boshlab ana shunday tavsiya va maʼlumotlar bilan bepul tanishib borishingiz mumkin. Chunki ushbu sanadan eʼtiboran YUNISEF, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi hamkorligida yurtimizda “Ota-onalar oyligi” eʼlon qilinmoqda.
Mazkur qoʻshma loyiha bolalarning ilk rivojlanish davrida ota-onalarga koʻmaklashishni koʻzda tutadi. U kichkintoylar parvarishiga doir ilmiy-amaliy dalillarga asoslangan muhim maʼlumot hamda tavsiyalarni taqdim etishga qaratilgan.
Buning uchun yetakchi mutaxassis va soha ekspertlari bir oy davomida ilk bosqichda bolalarni toʻgʻri parvarishlash hamda ularning sogʻlom rivojlanishini taʼminlashga doir ilgʻor tajribayu maslahatlari bilan oʻrtoqlashadi.
Ana shu materiallar salomatlik, toʻgʻri ovqatlanish, immunitet mustahkamlanishi, bolalarda koʻnikmalarni erta shakllantirish, ragʻbatlantirish, himoya va xavfsizlik qoidalari yuzasidan tavsiyalar, foto va videolavhalarni oʻz ichiga olgan.
YUNISEF, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda boshqa media-maydonlar orqali mavzuga oid qiziqarli hayotiy misollar, maqolalar va mahorat darslari aholiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, oylik doirasida mutaxassislar ota-onalar va bola parvarishi bilan shugʻullanuvchilar savollariga teledasturlar orqali ham javob beradilar.
— Farzandlar hayotining ilk yillarida ular parvarishiga eʼtiborli boʻlish inson kapitali, sogʻlom jamiyat va kelajakni shakllantirishda muhim rol oʻynaydi, — deydi YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Salomatlik, oziqlanish, xavfsizlik va erta taʼlim bilan bogʻliq ilk tadbirlar bolalar rivojlanishining asosidir. Oʻgʻil-qizlarni hayotining dastlabki yillarida ota-onalar va boshqa tarbiyachilar tomonidan toʻgʻri parvarish qilish va qoʻllab-quvvatlash ularning barkamol rivojlanishida hal qiluvchi omillardan biridir. Bu oʻgʻil-qizlarning kelgusi hayotidagi muvaffaqiyatlar uchun ham poydevor boʻladi.
Yana bir yangilik: hozirgi kunda YUNISEF, Sogʻliqni saqlash va Maktabgacha taʼlim vazirliklari ota-onalar hamda bola parvarishlovchilarga moʻljallangan innovatsion dastur — “Bebbo” mobil ilovasini yaratish ustida ish olib bormoqda. 7 yoshgacha boʻlgan kichkintoylarni tarbiyalashda asqatadigan mazkur yoʻriqnoma Oʻzbekistonda 2021-yilning noyabr oyida ishga tushiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi