O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
YeTTB vakillari bilan O‘zbekistonda derivativlar bozorini rivojlantirish yuzasidan uchrashuv
2021-10-14 | Iqtisodiyot
Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki g‘aznachiligi boshqaruv direktori Axel van Nederveen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda shuningdek, Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Murodbek Atadjanov, Xatarlarni boshqarish va xedjirlash masalalari bo‘yicha konsultant Nodirbek Sobirov va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan Portfel boshqaruvi departamenti boshlig‘i Aude Pacatte, Portfel boshqaruvi departamenti treyderi Azamat Mauilsharip hamda YeTTBning Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Jahan Shamsiev va bir qator mas'ul xodimlar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonda derivativlar bozorini rivojlantirish, moliya bozori samaradorligini oshirish va yangi kapital bozor instrumentlarini joriy etish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotini xorijiy valyutaga bog‘liqligini kamaytirish,qarz mablag‘larini milliy valyutada jalb qilish hamda xorijiy valyutadagi qarzlarni milliy valyutaga o‘girish orqali xorijiy valyutadagi to‘lovlar yukini kamaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Ushbu uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda ilk sinov svop operatsiyasini amalga oshirish maqsadida Xalqaro svop va derivativlar assosiasiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ISDA bosh kelishuvini imzolashdi. Uchrashuv yakunida, tomonlar yuqoridagi masalalar bo‘yicha doimiy ravishda birga ishlashga, muntazam ravishda uchrashib, hamkorlik borasidagi ishlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi