O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Malayziya davlat boshqaruvi va kadrlar siyosati bo‘yicha samarali hamkorlik istiqbollarini muhokama qilmoqda
2021-10-14 | Siyosat
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Malayya universiteti qoshidagi Ijtimoiy siyosat va boshqaruv xalqaro instituti (INPUMA) direktori Noriza binti Ariffin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida Malayziya vakillari O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, kadrlar siyosati, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish buyicha olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Noriza binti Ariffin O‘zbekistonda tashkil etilgan Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi (DXRA) faoliyatini eʼtirof etdi. U har bir davlatda yagona muvofiqlashtirilgan tashkilot kerakligini va uning faoliyati davlat boshqaruvi tizimida yagona tamoyil va meʼyorlar kafolati bo‘la olishini taʼkidladi.
Tomonlar pandemiya davridan so‘ng davlat boshqaruvi va kadrlar siyosati sohasida o‘zaro hamkorlikni davom ettirishning muhimligini taʼkidladi. Qayd etilganidek, Kuala-Lumpurdagi diplomatik missiyamiz ko‘magi bilan 2019-yil dekabr oyida tashkil etilgan DXRA delegatsiyasining Malayziyaga ishchi safari va INPUMA bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirish uchun qulay zamin yaratdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi chog‘ida «Davlat xizmati tizimidagi kadrlar siyosatining dolzarb masalalari: O‘zbekiston va Malayziya tajribasi» mavzusidagi seminar tashkil etildi. Unda Malayya universiteti va INPUMA ilmiy-o‘quv bo‘limi vakillari ishtirok etdi.
Noriza binti Ariffin INPUMAning DXRA bilan davlat xizmatchilari uchun kadrlar va personal boshqaruv, malaka oshirish, tajriba almashish, rag‘batlantirish tizimini yaratish va qator boshqa sohalarda qisqa muddatli o‘quv dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga jiddiy qiziqish bildirdi.
Malayziyalik hamkorlar shu yilning noyabr oyida o‘zbekistonlik davlat xizmatchilari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida vebinar o‘tkazishni taklif qildi.
Muzokaralar natijasida yaqin vaqt ichida DXRA va INPUMA vakillari o‘rtasida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish uchun tashkil etiladigan o‘quvlarni batafsil muhokama qilish maqsadida videokonferensiya tashkil qilish va davlat boshqaruvida korrupsiyaning oldini olish mavzusida vebinar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Malayya universiteti qoshidagi Ijtimoiy siyosat va boshqaruv xalqaro instituti 1999 -ilda tashkil etilgan. U ijtimoiy siyosat va davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan davlat oliy o‘quv yurti hisoblanadi.
INPUMA Malayziya tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Texnik hamkorlik dasturi doirasida xorijiy davlatlarning davlat boshqaruvidagi o‘rta va yuqori darajali mutaxassislarining malakasini oshirish uchun qisqa va uzoq muddatli kurslarni tashkil etadi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi