O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shilmaslik harakati sammitida ishtirok etdi
2021-10-13 | Siyosat
Serbiyaning Belgrad shahrida Qo‘shilmaslik harakatining yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev boshchilik qildi.
Sammitda Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo 120 ga yaqin davlat ishtirok etdi. Tadbir boshida ishtirokchilar Belgradda tantanali sammit o‘tkazilishini olqishlab, Qo‘shilmaslik harakati davlat va hukumat rahbarlarining birinchi forumi bundan 60 yil avval bo‘lib o‘tganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Harakatning zamonaviy dunyoda davom etayotgan ahamiyati ta’kidlanib, uning tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish hamda inson huquqlarini himoya qilishdagi rolining ortishi muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chuqur yangilanishlarning asosiy yo‘nalishlari, hukumat tomonidan barqaror taraqqiyot, global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilayotgan sa’y -harakatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi