Sankt-Peterburg bilan hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Sankt-Peterburg shahri ma'muriyatining tashqi aloqalar bo‘yicha qo‘mita raisi Y.Grigor'ev boshchiligidagi shahar ma'muriyati hamda Sankt-Peterburgning ilg‘or kompaniyalari rahbariyatidan iborat delegasiyani qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlar hamda qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish hamda bir tomondan Sankt – Peterburg shahri va ikkinchi tomondan Toshkent shahri va Samarqand viloyati tadbirkorlari orasidan bo‘lajak hamkorlarni izlashni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tashkil etilgan “Loyiha ofisi”ning faoliyati doirasida hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlar masalalari muhokama qilindi. Jumladan, Rossiya tomoni o‘zbekistonliklarni Rossiyaga ishlashga uyushgan holda jalb etishda hamkorlik qilishga va ularning kasbiy malakasini oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi. Yaqin vaqt ichida mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan “Mono-markazlar”ning kasbga tayyorlash bo‘yicha faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida rossiyalik tegishli mutaxassislarning O‘zbekistonga tashriflari tashkil etiladi.
Sankt-Peterburg shahri ma'muriyati tomonidan Toshkent shahri va Samarqand viloyati hokimliklari bilan birgalikda hududlararo hamkorlik bo‘yicha II O‘zbekiston-Rossiya forumida ishtirok etishga tayyorgarlikning borishi o‘rganildi. Xususan, mavjud masalalar muhokama qilindi, tadbirni amaliy mazmun bilan to‘ldirish bo‘yicha navbatdagi choralar rejalashtirildi.
Uchrashuv davomida Rossiya tomonidan Sankt-Peterburg shahri ma'muriyati hamda O‘zbekiston tomonidan Toshkent va Samarqand viloyati hokimliklari o‘rtasida aniq chora-tadbirlar, muddatlar va ijrochilar belgilangan qo‘shma “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va tasdiqlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Tegishli hududlar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishlarida ushbu “Yo‘l xaritalari”ning ijrosi haqida muntazam hisobot berib boradilar.
Uchrashuv yakunida shuningdek, hududlararo aloqalarni kengaytirish hamda O‘zbekiston va Rossiya viloyatlari o‘rtasida investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat hududiy ma'muriyatlari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi