O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi

2021-10-08 | Iqtisodiyot

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (ETTB) barqaror rivojlanish guruhi boshqaruvchi direktori Nandita Parshad va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

ETTB vakillari O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning ko‘lami, sur'ati va izchilligini yuqori baholab, Bankning energetika, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor sohalardagi islohotlarga moliyaviy hamda maslahat yordamini davom ettirish niyatini tasdiqladi.
 
Uchrashuvda hududlarda uy-joy kommunal xo‘jaligi va infratuzilmani modernizasiya qilish, transport sohasi va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishga ETTBning yuqori darajada jalb etilganligi alohida qayd etildi.
 
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ETTB texnik yordami bilan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha xalqaro tenderning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi qayd etildi, uning natijalariga ko‘ra ACWA Power (Saudiya Arabistoni) g‘olib bo‘ldi. Davlat-xususiy sheriklik mexanizmidan muvaffaqiyatli foydalanish tajribasini ta'lim, jamoat transporti, kommunal xizmatlar va qattiq chiqindilarni qayta ishlash kabi boshqa sohalarga yoyish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
 
Energetika, uy-joy kommunal xo‘jaligi, yo‘l qurilishi va ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Tomonlar infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishga xususiy investitsiyalarni jalb etishda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish zarurligi yuzasidan fikr almashdilar. “Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan hamda shahar infratuzilmasini atrof-muhitga salbiy ta'sirini kamaytirish va atmosferaga chiqarilayotgan uglerod chiqindilarini kamaytirish maqsadida uni transformasiyalashga qaratilgan Samarqand shahri uchun elektr avtobuslar sotib olish loyihasiga alohida e'tibor qaratildi. Loyihani amalga oshirishga oid masalalar va muddatlar, shuningdek, uni jadal joriy etish yuzasidan hamkorlik qilish yo‘llari belgilab olindi.
 
Shuningdek, tomonlar Xorazm va Buxoro viloyatlarida yuqori kuchlanishli elektr liniyalarini qurish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar. Loyiha O‘zbekistonda davlat kafolatisiz olingan qarz evaziga amalga oshiriladigan ETTBning birinchi loyihasi bo‘ladi. Shu o‘rinda tomonlar infratuzilmaviy loyihalarga xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkonini beradigan aralash moliyalashtirishning innovatsion vositalarini joriy qilish bo‘yicha birgalikda ish olib borishning dolzarbligini ta'kidladilar.
 
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligining institusional rivojlanishini va salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi. Jumladan, xarid tartiblari bo‘yicha seminarlar o‘tkazish va davlat investitsiyalarini boshqarishni baholash yo‘nalishida Agentlikka texnik va maslahat yordami ko‘rsatish maqsadida ETTB tomonidan ekspert guruhlari yuboriladi.
 
Uchrashuv yakunida tomonlar joriy loyihalarni sifatli amalga oshirish hamda strategik sheriklikning yangi yo‘nalishlari va dasturlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться