O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
2021-10-06 | Siyosat
5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar, birodar Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Zamonaviy Tojikistonning davlat qurilishi sohasida va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi yutuqlari, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi izchil ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkilotida Tojikiston raisligining samarali natijalari hamda o‘tgan oyda Dushanbe shahrida ushbu ko‘p tomonlama tuzilmaning yubiley sammiti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani yuksak baholandi.
Prezidentlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi va aniq mazmun bilan boyidi.
Faol aloqalar va almashinuvlar davom etmoqda, o‘zaro savdo hajmi barqaror ortib bormoqda, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hududlar darajasida va ishbilarmonlar o‘rtasida sheriklik kengaymoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar faollashdi. O‘tgan hafta Toshkent kinofestivali doirasida Tojik kinosi kunlari bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, san’at, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida hamkorlik loyihalarini tayyorlash davom etmoqda.
Davlat rahbarlari imzolangan bitimlar va erishilgan kelishuvlarni keng ko‘lamda amalga oshirish muhim ekanini ta’kidlab, qo‘shma hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida yaqindan hamkorlik va muvofiqlashuvni davom ettirish vazifasini qo‘ydilar.
Suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan qo‘shni Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
Oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Prezidentlarning telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, do‘stona va ishchan ruhda o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti