O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
GIIning Oʻzbekiston rivojlanishidagi oʻrni tahliliga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazildi
2021-10-05 | Jamiyat
Innovatsion rivojlanish vazirligida Global innovatsion indeksning (GII) Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanishidagi oʻrni tahliliga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Konferensiyada xalqaro tashkilotlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari hamda iqtisodchi olimlar tomonidan Oʻzbekistonning GIIdagi oʻrni yaxshilanib, 2020-yilga nisbatan 7 pogʻona koʻtarilgani muhokama qilindi.
Onlayn tadbirni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi. Konferensiyada AQSHning Kornel universiteti professori va indeksning asoschisi Sumitra Dutta, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) iqtisodiyot va statistika boʻlimi boshligʻi Sasha Vunsh-Vinsent, Oʻzbekistonning Jeneva shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti boʻlinmasidagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Global innovatsion indeksning tarkibiy koʻrsatkichlariga masʼul vazirlik va idoralar vakillari qatnashdilar.
Ibrohim Abdurahmonov Global innovatsion indeks asoschilariga yaqin hamkorlik va muntazam konsultativ yordam uchun oʻz minnatdorchilik bildirib, aloqalar yanada mustahkamlanishi hamda Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanishida GII reytingi asosida respublika hududlarini baholash boʻyicha mahalliy reyting ishlab chiqish maqsadida Portulans instituti bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish taklifini berdi.
Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (BIMT) iqtisodiyot va statistika boʻlimi boshligʻi hamda GIIning tahrirchisi Sasha Vunsh-Vinsent Oʻzbekiston innovatsion rivojlanishni ustuvor maqsad qilib, reyting tuzuvchilari bilan doimiy hamkorlik olib borayotgan tashabbuskor davlatlar qatorida ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi va shu bilan bir qatorda Oʻzbekistonning tadqiqot va ishlanmalar, axborot texnologiyalari, intellektual mulk kabi qator sohalarda katta ijobiy natijalarga erishayotganini kuzatib kelayotganini bildirdi.
AQSHning Kornel universiteti professori va indeksning asoschisi Sumitra Dutta Hindiston, Vyetnam kabi davlatlarning innovatsiya sohasida olib borayotgan islohotlarini taʼkidlab, mazkur davlatlar tajribasini oʻrganish va joriy qilish Oʻzbekistonning reyting kesimidagi muammoli sohalari ijobiy oʻzgarishiga taʼsir qilishi mumkinligi aytib oʻtdi.
Bundan tashqari, konferensiyada Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida va aholining kundalik hayotida innovatsiyalar va texnologiyalarning keng kirib borishini taʼminlash, milliy iqtisodiyotning jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini taʼminlash, va Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilga kelib Global innovatsiya indeksi reytingida jahonning 50 ta ilgʻor mamlakatlari qatoridan oʻrin olishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirish strategiyasi” loyihasini BIMT va Kornel universiteti bilan birgalikda koʻrib chiqish va takomillashtirishga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi