O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
UZINSURANCE: 9 oylik natijalar, sug‘urta bozori holati va o‘zgarishlar
2021-10-05 | Iqtisodiyot
Xalqaro tajribadan yaxshi bilasizki, sug‘urta xizmatlari iqtisodiyotni turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qiluvchi vositalardan biri hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsulotida ushbu sohaning ulushi 10-15 va hattoki 20 foizni tashkil etadi.
Masalan, 2020-yil ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur raqam Gonkongda 20,8%, Tayvanda 17,4%. Janubiy Koreyada 11,6%, Daniyada 11% tashkil etadi.
Shveysariyaning Swiss Re Instituti 2022-yil oxiriga kelib, dunyo bo‘yicha sug‘urta mukofotlari hajmi 7 trillion dollarlik rekord ko‘rsatkich qayd etilishini bashorat qilmoqda. Mazkur institutning hisobotiga ko‘ra, 2022-yilda sug‘urta mukofotlari 3,9 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. 2021-yilda asosiy bozorlarda mukofot o‘sishi Xitoyda 6,3%, AQSHda 1,7%, G‘arbiy Yevropada 2,8% va rivojlanayotgan bozorlar uchun 5,6% bo‘lishi kutilmoqda. Koronavirus pandemiyasi mazkur o‘sishning muhim omili sifatida ko‘rsatilmoqda. Bunda tibbiy sug‘urta bo‘ladimi yoki korxonalar uchun ta’minot zanjiridagi uzilishlarmi, odamlar sug‘urta nima ekanligini va inqirozdan chiqishga yordam berishini anglab yetishmoqda.
Dunyoda sug‘urta mukofotlari bo‘yicha AQSH, Xitoy va Yaponiya 2020-yilda yana eng yirik sug‘urta bozorlari uchligiga kiritilgan. Jahon bozorida jami sug‘urta mukofotlari 2,5 trillion AQSH dollari bo‘lib, ushbu davlatlarning ulushi qariyb 58 foizni tashkil qiladi.
Rivojlangan mamlakatlarda sug‘urta xizmatlari iste’mol savatchasidagi mahsulotlardan biri hisoblanadi. Aholining 80-90 foizi uy-joyi, mol-mulki va hayotini albatta sug‘urta qildiradi. Bu birinchi navbatda odamlarning o‘zlari uchun foydali bo‘lsa, ikkinchidan iqtisodiyotning mustahkam bo‘lishiga ham olib keladi.
Ayni paytda mamlakatimiz sug‘urta bozorini rivojlantirish maqsadida ko‘rilayotgan choralar ham aynan hayotimizda sug‘urtaning o‘rnini mustahkamlash, iqtisodiyotimizning ajralmas tarkibiy qismiga aylantirish kabi maqsadlarni ko‘zda tutadi.
Ma’lumki, har qanday sohaning rivoji uning huquqiy bazasi mustahkamligiga bog‘liq. Bu borada keyingi yillarda aynan sug‘urta bozorini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Prezident qaror va farmonlarini alohida qayd etib o‘tish joiz. Xususan, 2019-yilning 2 avgustida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorni sohadagi o‘zgarishlarga turtki bo‘lgan muhim hujjat bo‘ldi.
Mazkur qarorda sug‘urta sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini hamda ushbu sohadagi eng yaxshi jahon tajribalarini izchil joriy etish, sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining kapitallashuv darajasini, to‘lov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning aktivlari sifatini yaxshilash, shuningdek, sug‘urtalovchilarning investitsiya faoliyatini rivojlantirish, sug‘urta xizmatlari iste’molchilari va sug‘urta faoliyatining boshqa sub’ektlari huquqlari himoyasini kuchaytirish, aholining sug‘urta savodxonligini va sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini oshirish, sug‘urta bozorining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash kabi sohani tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim vazifalar o‘rin olgan. Shu bilan birga yangi innovatsion sug‘urta mahsulotlarini joriy etish va talab yuqori bo‘lgan an’anaviy mahsulotlarni rivojlantirish orqali ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari hajmlarini, turlarini kengaytirish va sifatini oshirish, sug‘urta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirishga qaratilgan choralar bugun mamlakatimiz sug‘urta bozoridagi vaziyatning o‘zgarishiga olib keldi.
“UZININSURANCE” ya’ni, “O‘zagrosug‘urta” AJda ham ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosiga e’tibor qaratilgan bo‘lib, uning bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amaldagi ijrosi ta’minlandi.
Bizning faoliyatimizni rivojlantirishda yana bir hujjat muhim o‘rin tutdi. U ham bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bo‘lib, hujjat asosida kompaniyada transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Transformatsiya doirasida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining sug‘urta bozoridagi mavqeini oshirish, xususan moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni yanada yaxshilash maqsadida 2021-2023-yillar uchun rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi.
Kompaniyada rebrending o‘tkazilib, xalqaro sug‘urta bozorida ishonchli va barqaror imijni shakllantirish uchun yangi nom va logotip tanlab olindi. Ayni paytda kompaniya “UZINSURANCE” — tovar va xizmat ko‘rsatish belgisi ostida faoliyat olib bormoqda.
Kompaniya faoliyatini isloh etishda asosiy urg‘u "Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor" tamoyiliga qaratilganiligini alohida ta’kidlash joiz. Iste’molchilar manfaatini himoya qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash xizmat ko‘rsatishning bosh mezoni qilib belgilangan.
Kompaniyani xalqaro darajaga olib chiqish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar geografiyasini kengaytirish choralari ham ko‘rilmoqda. Jumladan, “O‘zag‘rosug‘urta” AJ moliyaviy xo‘jalik faoliyati “Deloyt” (Deloitte) va “Grant Tornton” (Grant Thornton) kabi dunyodagi yetakchi auditorlik kompaniyalari tomonidan xalqaro audit standartlari asosida tekshiruvdan o‘tkazildi va ijobiy xulosalar olindi.
Investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, mijozlar ishonchini oqlash maqsadida ko‘rilayotgan choralar tufayli kompaniya mana uchinchi yil ketma-ket “Fitch” (Fitch) xalqaro reyting agentligining “BB-” barqaror reytingiga ega bo‘ldi.
Bundan tashqari kompaniya sug‘urta portfelini diversifikatsiyalash yuzasidan dunyoning yetakchi qayta sug‘urta bozorlari jumladan, Lloyd’s sug‘urta bozori (London), AQSH, Rossiya qayta sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikda obligator qayta sug‘urta dasturlarini ko‘rib chiqish va maqbullarini tanlab olgan holda obligator qayta sug‘urta xizmatlari joriy qilinmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” AJda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida faoliyatga axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Xususan, Jamiyat tizimida onlayn ko‘rsatilayotgan umumiy sug‘urta xizmatlari qamrov darajasini oshirishga mo‘ljallangan “Online Polis” axborot tizimi ishlab chiqildi. Unda, 9 ta ixtiyoriy sug‘urta turi bo‘yicha Ye-polis sotib olish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, yagona axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha “Uzagros Online” dasturiy ta’minoti tizimi ishlab chiqilgan. Bu orqali barcha sug‘urta shartnomalarini monitoring qilib tahlil qilish mumkin.
Kompaniya sug‘urta bozorida yetakchi mavqega ega bo‘lib, 140 dan ortiq sug‘urta turlari bo‘yicha 14 ta filial hamda 210 ta sug‘urta markazlari aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2018-yilda 178,8 mlrd so‘m, 2019-yilda 252,0 mlrd so‘m, 2020-yilda 176,5 mlrd so‘m, 2021-yilning o‘tgan 9 oyida 177,6 mlrd so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ilgan. Sug‘urta mukofotlarining aksariyat qismi ixtiyoriy sug‘urta turlariga to‘g‘ri keladi.
Qabul qilingan sug‘urta majburiyatlari 2018-yilda 64,9 mlrd so‘m, 2019 yilda 97,7 mlrd so‘m, 2020 yilda 91,5 mlrd so‘m, 2021-yil o‘tgan davri mobaynida 28,7 mlrd so‘m sug‘urta tovonlari amalga oshirilgan.
O‘z navbatida, yuqoridagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, sug‘urtaning zararlilik ko‘rsatkichi (sug‘urta tovonining sug‘urta mukofotidagi ulushi) 2018 yilda 36,3 foizni, 2019 yilda 38,8 foizni, 2020-yilda 51,8 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2021-yil 9 oyi davomida 16,2 foizni tashkil etadi.
Jamiyat tomonidan 2021-yil o‘tgan davrida 780 mingdan ortiq sug‘urta shartnomalari rasmiylashtirilgan.
Kompaniyaning investitsiya portfeli 2018 yil 114,4 mlrd so‘m, 2019-yilda 158,8 mlrd so‘m, 2020-yil 167,8 mlrd so‘m, 2021-yil 9 oyida 163,6 so‘mni tashkil etdi.
Manba: O'zA