O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Abdulla Qodiriy nomidagi memorial muzeyda adib xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarga start berildi

2021-10-04 | Jamiyat

Bugun, 4 oktyabr kuni Abdulla Qodiriy nomidagi memorial muzeyda “Abdulla Qodiriy – O‘zbek adabiyoti xazinasidan” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

“Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda madaniy, maʼrifiy-maʼnaviy merosni asrashga hamda uni o‘zimizdan keyingi avlodga munosib yetkazib berishga katta eʼtibor qaratilmoqda, jumladan muzeylarimizga bo‘lgan yondashuv tubdan o‘zgarmoqda. Kuni kecha Sergey Borodin uy-muzeyidagi tadbir, bugungi Abdulla Qodiriy xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bularning bir debochasi desak to‘g‘ri bo‘ladi. O‘z o‘rnida shuni taʼkidlamoqchimanki, bundan keyin barcha adiblarimizning muzeylari, shu jumladan uy-muzeylarga bo‘lgan eʼtibor yana-da kuchaytiriladi”.

Shu bilan birga, Aziz Abduhakimov O‘zbekiston hukumati bebaho merosimizni asrash va bu yo‘lda harakat qilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanini taʼkidladi. Jumladan, Qodiriy ijodiga oid hujjatli film yaratilib, uning ekranlarda keng namoyish etilishi, grantlar ajratilayotgan animatsion filmlarda ham Qodiriy ijodiga murojaat qilinishi haqida maʼlum qildi.

Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari Abdulla Qodiriy asarlarini yana-da ko‘proq tillarga tarjima qilish, adib ijodini boshqa mamlakatlarda ham  targ‘ib qilish, sohaga oid ilmiy-ommabop asarlar yaratishga alohida mablag‘ ajratilishini qo‘shimcha qildi.

Maʼlumot uchun: Bundan roppa-rosa 83 yil ilgari millatimizning bir qator fidoyi maʼrifatparvarlari, ulkan isteʼdod sohiblari, Vatan, el-yurt ravnaqi, ozodligi, obodligi tarafdorlari, rahnamolari, qalbi va ongi uyg‘oq, tafakkur taraqqiyotiga chanqoq jadidlar shafqatsizlarcha qatl etilgan. 1938-yil, 4-oktyabr kuni Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov otuvga hukm qilingan.

Bugun ularni xotirlab o‘tkazilgan tadbirda o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi alohida yodga olindi. Xotira tadbiri doirasida O‘zbekiston davlat drama teatri aktyorlari tomonidan “Jinlar bazmi” spektaklidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutining iqtidorli talabalari o‘rtasida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga oid suratlar chizish tanloviga start berildi. Bugun boshlangan tanlov 14 oktyabrga qadar davom etib, yakuniga ko‘ra, g‘oliblar taqdirlanadi.

Shu o‘rinda, maʼlumot uchun qayd etish lozimki, 4-14 oktyabr kunlari O‘zbekistonda Qodiriy ijodi keng targ‘ib qilinib, bunda adib asarlarini ifodali o‘qish, uning asarlari asosida olingan filmlar namoyishi, ijtimoiy tarmoqlarda Qodiriy ijodi targ‘ibotiga yo‘naltirilgan chellenj o‘tkazish, respublikamiz teatrlarida adib asarlari asosidagi spektakllarni namoyish qilish, kitob taqdimoti hamda boshqa qator maʼrifiy-madaniy tadbirlar o‘tkaziladi. Bundan avval Turizm va sport vazirligi saytida o‘zbek va rus adabiyoti rivojiga o‘chmas hissa qo‘shgan Sergey Borodinning uy-muzeyida adibning 119 yilligi nishonlangani haqidagi maqola va video joylangan edi. https://uzbektourism.uz/news/view?id=1907

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi

Поделиться