O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vise-prezidenti Shiksin Chen o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyihalarning hozirgi holati, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
OTB O‘zbekistonda infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish jarayoniga moliyalashtirishning yangi vositalarini joriy etishga va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta'lim, qattiq chiqindilarni boshqarish hamda uy-joy va kommunal xizmatlar kabi boshqa ustuvor sohalarga qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida davlat-xususiy hamkorlik mexanizmlarini joriy etishning muvaffaqiyatli tajribasini yoyish yuzasidan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish agentligi hamda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, OTB tomonidan mazkur tuzilmalar faoliyatiga grant, texnik va maslahat yordami ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
OTB rahbariyati BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb e'lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi doirasida Orolbo‘yida ekologik va iqlim loyihalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida belgilangan vazifalarni hal etish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi