O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasining yubiley anjumani – o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi
2021-09-28 | Siyosat
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov bugun Turkiston shahrida o‘tkazilgan Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasining yubiley anjumani – o‘ninchi yalpi majlisida ishtirok etdi.
Parlament quyi palatasidan ma’lum qilinishicha, majlisda, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi raisi N.Nigmatulin, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi raisi S.Gafarova, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi T.Mamitov, Turkiya Buyuk Millat Majlisi Spikeri M.Shentop, Vengriya Milliy yig‘ilishi Spikerining o‘rinbosari M.Matray ishtirok etdilar.
Tadbirda doimiy komissiyalar hujjatlari va yangi namunaviy qonunlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasining keyingi yalpi majlisi Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tishi tasdiqlandi.
Majlis yakunida Turkiy tilli davlatlar parlament Assambleyasining yubiley – o‘ninchi yalpi majlisi ishtirokchilarining Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi