O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Futzalchilarimiz Eron darvozasini 8 marotaba ishg‘ol qildi, ammo...
2021-09-24 | Sport
Litvada davom etayotgan futzal bo‘yicha Jahon chempionati afsuski vakillarimiz uchun erta yakunlandi.
Biroq, xolisona baho beradigan bo‘lsak, bugun ko‘rsatishgan o‘yini hamda shijoati bilan futzalchilarimiz mag‘lubiyatga aslo loyiq emasdi. Ammo, tajriba baribir o‘z so‘zini aytdi. Jahon chempionatlarida 9-marotaba ishtirok etayotgan eronliklar bizning futzalchilarga nisbatan aniq va samaraliroq harakat qilishdi.
Umuman olganda, futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidan boshini tik tutgan holda qaytishga haqli. Garchi, ilk o‘yinda vakillarimiz bizdan sezilarli darajada kuchli bo‘lmagan Gvatemalaga alamli tarzda yutqazib qo‘yishgan bo‘lsa-da, keyinchalik Ahmedov shogirdlari ko‘rsatgan o‘yinlar muxlisu mutaxassislarga manzur bo‘ldi.
Jahonning eng kuchli jamoalaridan biri, so‘nggi jahon chempionati finalchisi Rossiya bilan tengma-teng o‘ynagan hamyurtlarimiz 4-2 hisobida yutqazishgan bo‘lsa, guruh bosqichining so‘nggi turida Misr terma jamoasi ustidan 2-1 hisobida g‘alaba qozonib, mundialning pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Chorak final yo‘lida futzalchilarimiz so‘nggi Jahon chempionatining bronza medali sohibi Eronga 9-8 hisobida alamli tarzda imkoniyatni boy berishdi. Biroq, biz uchun yigitlarimiz mag‘lub emas, balki G‘OLIB. Bugun orttirilgan tajriba esa kelgusi g‘alabalar uchun poydevor bo‘lib xizmat qilsa ne ajab.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi