O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Notarial palatasining Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo bo‘lish masalalari xususida fikr almashildi
2021-09-24 | Jamiyat
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida Xalqaro notariuslar ittifoqi Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasi prezidenti Richard Bok boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
TIV Shartnoma-huquq boshqarmasidan maʼlum qilinishicha, tadbirda boshqarma boshlig‘i Komil Rashidov delegatsiya aʼzolarini O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan olib borilayotgan konsullik faoliyati, konsullik mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilayotgan notarial harakatlar, shuningdek, sohadagi islohotlar jarayoni bilan tanishtirdi.
Richard Bok uchrashuv tashkil qilingani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan, notariat sohasidagi o‘zgarishlarni yuqori baholadi hamda Xalqaro notariuslar ittifoqi faoliyati haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi bilan O‘zbekiston Notarial palatasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, Notarial palataning Xalqaro notariuslar ittifoqiga aʼzo bo‘lish masalalari xususida fikr almashildi.
Suhbat yakunida tomonlar notariat sohasida tizimli muloqotni davom ettirishga hamda ushbu sohada hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi