O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Milliy monitoring o‘tkaziladi

2021-09-24 | Jamiyat

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida “2021-yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishini nazorat qilish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan milliy monitoringni tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida” mavzuida brifing o‘tkazildi.

Unda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Republikasi Prezidenti boshchiligida inson huquqlarini himoyalash, ijtimoiy-mehnat munosabatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan tub islohotlar va sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda bolalar mehnatiga butunlay barham berildi, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida muhim qarorlar qabul qilinib, ularning ijrosi yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda, sohada salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.

Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida mamlakatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal demokratik islohotlar bugungi kunda ortga qaytmas tus olganini, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoyalash demokratik islohotlarimizning asosini tashkil etayotganligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, boshlagan islohotlar yo‘lini izchil davom ettirish maqsadida Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqilganligini qayd etdi.

Haqiqatdan ham so‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilish, ayniqsa, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va mavjudlari qayta ko‘rib chiqildi. Birgina 2020-yilning o‘zida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha i faoliyatni tizimga solish, mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, 5 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmoni, 6 ta qarori, Hukumatning 3 ta qarori qabul qilindi.

Majburiy mehnatga barham berish maqsadida milliy qonunchiligimizga ma’muriy javobgarlikni kuchaytiruvchi hamda jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritilib, unga ko‘ra ma’muriy javobgarlik choralari bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha oshirildi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, mana bir necha yildirki, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan milliy monitoring o‘tkazib kelinmoqda.

Brifingda joriy yilda ham milliy monitoringni o‘tkazish rejalashtirilgani, u 24-sentyabrdan 31-oktyabrgacha davom etishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Tashkilotchilar tomonidan qayd etilganidek, milliy monitoring Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Vazirlar Mahkamasi va Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha Respublika uch tomonlama komissiyasining majlis bayonlari bilan tasdiqlagan chora-tadbirlarga  asosan o‘tkaziladi.

Bu yilgi milliy monitoring O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA)ga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladi. Shuningdek milliy monitoringda ishtirok etish uchun chet el kasaba uyushmalari markazlari vakillari ham taklif etilgan.

Milliy monitoringni o‘tkazishdan asosiy maqsad  paxta yig‘im-terimi ishlarida 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning, o‘quvchi va talabalarning, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli yashash va mehnat sharoitlari yaratilganini baholashdir. Shu bilan birga  qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun birinchi terimda – 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda – 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lanishini  nazorat qilish, paxta-to‘qimachilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari xodimlari bilan mehnat shartnomasi, fuqarolar bilan mustaqil ravishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalari tuzilganligini nazorat qilish, terimchilar birlashgan jamoasi (otryadi) va paxta-to‘qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar yoki tuman fermerlar kengashi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzilganligini nazorat qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rishga ham jiddiy e’tibor qaratiladi.

Milliy monitoring jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yig‘ilish bayoni bilan tasdiqlangan “2021-yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yig‘ib-terib olishni tashkil etish bo‘yicha “Vaqtinchalik tartib” va Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi yig‘ilishi bayoni bilan tasdiqlangan “Tavsiyalar”ga rioya etilishi ham o‘rganiladi.

Monitoringni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzilib, ularning tarkibiga tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining rahbar va mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining hududiy kengashlari mehnat texnik inspektorlari, shuningdek, kelishilgan holda Savdo-sanoat palatasi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining joylardagi a’zo tashkilotlari vakillari kiritildi.

Monitoringda har bir hududda 5 nafardan respublika bo‘yicha jami 65 nafar kishi ishtirok etadi. Joriy yilda o‘tkaziladigan milliy monitoring o‘tgan yillarga nisbatan yanada takomillashtirilgan holda tashkil etilmoqda. Ya’ni ish samaradorligini oshirish, qulay mehnat sharoiti yaratish maqsadida monitoring o‘tkazish ishchi guruhlari tarkibidagi kasaba uyushmasi xodimlari monitoring jarayonida foydalanish uchun maxsus kiyim bosh, ishchi guruh rahbarlari internet tarmog‘iga ulangan planshetlar bilan ta’minlandi. Milliy monitoringni sifatli o‘tkazish maqsadida uning uslubiyoti takomillashtirildi. Xususan, “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda intervyu olish savolnomasi”, “Paxta yig‘im-terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash bo‘yicha savolnoma” va axborot berish shakllari ishlab chiqildi.

Brifingda ta’kidlanganidek, agar monitoring jarayonida dalada paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohiga yoki uyiga yetkazish choralari ko‘riladi. Bu haqda dalolatnoma tuzilib, mehnat inspeksiyasiga chora ko‘rish uchun taqdim etiladi. Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlangan holda esa zudlik bilan kasaba uyushmalarining inspektori tomonidan vaziyat o‘rganiladi hamda lalolatnoma tuzilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” vakillariga xabar  beriladi.

Ushbu jamoat tashkilotining  matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra,  O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining qayta aloqa mexanizmi xodimlar mehnat huquqlari poymol etilishining oldini olishga qaratilgan bo‘lib, u mavsum davomida uzluksiz ravishda kechayu kunduz ishlaydi. Buning uchun Federatsiya Yuridik klinikasi va uning hududlardagi bo‘linmalarida kasaba uyushmalari vakillarining doimiy navbatchiligi tashkil etilgan. Kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida esa 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlar, telegramm ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalaniladi.

Milliy monitoring jarayonida o‘rganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi hamda monitoring yakunlari dekabr oyida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan davra suhbatida e’lon qilinadi.

Manba: O'zA

Поделиться