O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“J.P.Morgan” tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiya doirasida Moliya vazirligi xorijiy investorlar bilan taqdimot va yakkama-yakka uchrashuvlar o‘tkazdi
2021-09-24 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 22-sentyabr kuni “J.P.Morgan” tomonidan soat 11:00 dan 19:00 gacha (Toshkent vaqti bilan) “Rivojlanayotgan mamlakatlardagi qarzdorliklar konferensiyasi” (Emerging Markets Credit Conference) tadbiri bo‘lib o‘tdi hamda unda xalqaro investorlar bilan virtual global telekonferensiya va yakkama-yakka uchrashuvlar o‘tkazildi. Yakkama-yakka uchrashuvlarda Bluebay Asset Management, Aberdeen Asset Managers, NNIP, Barings, Goldman Sachs Asset Management, Pimco Europe, Franklin Templeton, Abu Dhabi Investment Authority, Global Evolution, Stone Harbor Investment Partners kabi 30 dan ortiq investision fondlar ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun: “J.P.Morgan” dunyodagi eng yirik korporatsiyalar, hukumatlar va 100 dan ortiq mamlakatlardagi tashkilotlarga moliyaviy xizmatlarni taklif qiluvchi global yetakchidir. 2020-yilda “J.P.Morgan” tomonidan o‘tkazilgan konferensiyada 833 ta investor, 8 ta suveren mamlakatlar va 101 ta korporatlar (yirik davlat ulushi mavjud tashkilotlar) ishtirok etganlar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov hamda Moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Markaziy bankning mas'ul hodimlari ishtirokidagi konferensiyada xalqaro investorlar mamlakat iqtisodiyotining o‘sish ko‘rsatkichlari, mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, kutilayotgan iqtisodiy o‘sishning uzoq muddatli omillari, fiskal siyosat va davlat qarzi, monetar siyosat instrumentlari va ularning inflyasiyaga ta'siri, koronavirus pandemiyasi davridagi olib borilgan davlat siyosati va vaksinasiya bo‘yicha ma'lumotlar bilan tanishtirildi.
Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashga qaratilgan samarali choralar hamda davomli islohotlar bo‘yicha ushbu nufuzli forumda ma'lumot berilishi xalqaro investor va banklar bilan munosabatlarni yanada mustahkamlaydi. Shu bilan birga, istiqbolda xalqaro kapital bozorlarida xalqaro obligasiyalar chiqarish hamda davlat banklari va korxonalarini IPO orqali xususiylashtirish uchun zamin tayyorlaydi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi