Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi va “Toshkent-Nagoya” Do‘stlik assosiasiyasi bilan birgalikda “O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligi dinamikasi va O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari” mavzuida onlayn anjuman o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L.Kudratov, Yaponiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi vakillari, shuningdek, Nagoya shahrining (Yaponiya) 40 dan ortiq kichik va o‘rta biznes vakillari ishtirok etdi.
Yaponiya ishbilarmonlik doiralari vakillariga O‘zbekistonda biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar, turli sohalarga ilg‘or yapon texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollari haqida ma'lumot berildi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston tadbirkorlarining bir qator Yaponiya kompaniyalari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Jumladan, turizmni rivojlantirish sohasida hamkorlik o‘rnatish yuzasidan “Smile Tourist”, mehnat migratsiyasi sohasida - “HRS Japan Co, Ltd.” hamda Yaponiyaga mahkamlash buyumlari yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha “Meinan Co., Ltd.” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida 2022-yilning birinchi yarmida Toshkent shahrida Yaponiyaning kichik va o‘rta biznes sub'ektlari vakillarining bevosita ishtirokida 2-konferensiyani tashkil etishga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi