O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi doirasida “IDEA – Yosh tadbirkorlar forumi” o‘z ishini boshladi

2021-09-21 | Iqtisodiyot

20-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TTDHK) doirasida “IDEA  – Yosh tadbirkorlar forumi”ning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan TTDHK Kotibiyati, “Yoshlar – bizning kelajagimiz” jamg‘armasi bilan birgalikda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda mamlakatimizning boshqa tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.
 
Forumda Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan 200 dan ortiq yosh tadbirkorlar, xalqaro ekspertlar, Kengashga a'zo mamlakatlarning yoshlar masalalariga mas'ul vazirlari, shuningdek, TTDHK kotibiyatining rahbariyati qatnashdi.
 
Kengashga a'zo mamlakatlar o‘rtasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy hamkorlik mexanizmi sifatida mazkur tadbirni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil oktyabr oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tgan TTDHK 7-sammitida ilgari surildi.
 
Forum ishtirokchilari o‘z chiqishlarida TTDHKga a'zo mamlakatlarda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va yoshlarning iqtisodiy mustaqilligiga erishish uchun shart-sharoitlar yaratishning ustuvorligini ta'kidladilar.
 
Barcha TTDHK mamlakatlari aholisining umumiy sonida yoshlar ulushi 29 foizni va O‘zbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etayotgani ma'lum qilindi. Shu munosabat bilan yoshlarni o‘z loyihalarini amalga oshirishda samarali qo‘llab-quvvatlash va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish TTDHK mamlakatlar iqtisodiyotlarining o‘sishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi qayd etildi.
 
O‘zbekistonda yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berildi. Xususan, “Yoshlar – bizning kelajagimiz” dasturi, yosh fermerlarga bepul yer uchastkalari ajratish amaliyoti, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini yaratish dasturi, “Loyihalar fabrika”lari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyati, shuningdek, yoshlarni moliyalashtirish va subsidiyalashning boshqa mexanizmlari haqida ma'lumot berildi.
 
Tadbir davomida bir qator yangi tashabbuslar ham ilgari surildi, xususan, TTDHK platformasida “Innovatsion loyihalar fabrikasi”ni tashkil etish hamda eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtiradigan TTDHK Investisiya jamg‘armasini tashkil qilishni jadallashtirish taklif etildi. Shuningdek, joriy yilning noyabr' oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “InnoWeek.uz” Yillik innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida TTDHKga a'zo mamlakatlar yoshlarining startap loyihalariga bag‘ishlangan alohida sessiya tashkil qilish hamda ijtimoiy tarmoqlarda “TED Talks” va taqdimotlar shaklida TTDHKga a'zo mamlakatlarning yosh tadbirkorlari va muvaffaqiyatli ishbilarmonlari o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun onlayn-kanal yaratish taklif etildi.
 
Marosim yakunida ishtirokchilar forum bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda TTDHKga a'zo va kuzatuvchi mamlakatlar yosh tadbirkorlari o‘rtasida tajriba almashish uchun samarali platforma bo‘lishiga ishonch bildirdilar.
 
Forum o‘z ishini 21 va 22-sentyabr kunlari agrosanoat sohasi, yengil sanoat, IT startaplari, turizm, marketing va turli boshqa yo‘nalishlarda davom ettiradi.
 
Forum ishtirokchilari turli sohalar va mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar salohiyati bilan tanishishlari, loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashishlari maqsadida tadbirlar dasturida ularning Toshkent va Toshkent viloyati sanoat korxonalariga tashriflari ham o‘rin olgan.
 
Shuningdek, tadbir doirasida Turkiy Kengashga a'zo mamlakatlardan kelgan yosh tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarning sanoat ko‘rgazmasi hamda “B2B” shaklidagi uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться