O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qorako‘lda uch avlod uchrashuvi
2021-09-21 | Jamiyat
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab «Uch avlod uchrashuvi» bo‘lib o‘tdi. Unda mehnat faxriylari, o‘rta avlod vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Qorako‘l tumani qo‘shni Turkmanistonning Lebap viloyati bilan chegaradosh. Tadbirda Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mamedov qatnashdi. Xorijlik diplomat hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma bilan tanishdi. Buxorodagi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar bilan suhbatlashdi. Suhbatlar jonli va samimiy kechdi. Ayniqsa, turkmanistonlik yoshlar O‘zbekistonda bilim olish uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim dasturlari afzalliklari xususida o‘rtoqlashdi.
Tadbirda so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda, ayniqsa, Buxoroda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi. Qishloq xo‘jaligi, ta’lim sohasidagi islohotlar mehmonlar e’tiborini tortdi. Keksa avlod vakillarining hayotiy tajribalari, ular erishgan yutuqlar, amalga oshirgan ishlari jonli suhbat davomida yoshlarga hikoya qilindi. Viloyatda uzoq yillar davomida yurt ravnaqi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan keksa avlod vakillari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan ko‘krak nishonlari topshirildi. Taqdirlanganlar orasida Prezident stipendiyasi sovrindorlari, tahsil davomida a’lo natijalarga erishgan turkman talabalari ham bor. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Manba: O'zA